BMT “Tolibon”ni o‘lim jazosiga moratoriy joriy etishga chaqirdi
Olam
−
12 may 2023
4844BMT inson huquqlari faollari de-fakto Afg‘oniston Oliy sudining toshbo‘ron qilish, kaltaklash, devor tagiga ko‘mish kabi jazolarni qo‘llashga ruxsat bergan qaroridan xavotir bildirdi. Bu haqda tashkilot saytida keltirilgan.
May oyi boshida Afg‘onistondagi Muvaqqat hukumat – “Tolibon”ning amaldagi bosh sudyasi o‘rinbosari mamlakat bo‘ylab sudlar 175 kishini “qisos” (qilingan jinoyatga teng bo‘lgan jazo. Masalan, kimdir odam o‘ldirsa, u ham o‘lim jazosiga hukm qilinadi) 37 kishini toshbo‘ron qilish, to‘rt kishini devor tagiga ko‘mish, 103 kishini esa qamchilash kabi jazolarga hukm qilganini ma’lum qilgan.
Hukmlarni ijro etish muddatlari ko‘rsatilmagan.
"Odamlarni toshbo‘ron qilib o‘ldirish yoki devor ostiga ko‘mib tashlash qiynoq hisoblanadi. Bu shafqatsiz jazolar xalqaro huquqqa ziddir", deyiladi BMTning inson huquqlari bo‘yicha mustaqil ekspertlari bayonotida.
Shu bilan birga, huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, ayollar ko‘proq gender diskriminatsiyasi va sud tizimi xodimlari tomonidan qo‘llanilgan stereotiplar tufayli toshbo‘ron qilishga hukm qilinadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, rasmiylar “Tolibon” oliy rahbarining 2022 yil noyabridagi ko‘rsatmalariga muvofiq jismoniy jazo qo‘llaydi. O‘shandan beri BMTning Afg‘onistondagi missiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 274 erkak, 58 ayol va ikki o‘g‘il bola ommaviy kaltaklanish qurboni bo‘lgan.
Bundan tashqari, ekspertlar odamlarning jismoniy jazoga yoki o‘lim jazosiga hukm qilinishiga olib keladigan sud jarayonlarining adolatli bo‘lishidan jiddiy xavotir bildirgan.
“Biz de-fakto hokimiyatni o‘lim jazosi va jismoniy jazoning barcha turlariga, jumladan, kaltaklash, oyoq-qo‘llarini kesish va boshqalarga zudlik bilan moratoriy joriy etishga chaqiramiz”, deya xulosa qilgan huquq himoyachilari.