BMT Rossiya Ukrainaning 4 hududini egallashini tan olmoqchi emas

Olam

image

Yevropa Ittifoqi BMT Bosh Assambleyasining Rossiya Donbass, Xerson va Zaporoje viloyatlarini tarkibiga qo‘shib olishi bo‘yicha qarorlari BMT Nizomiga to‘g‘ri kelmasligi, Rossiya Federatsiyasi tarkibiga yangi hududlarning kirishi xalqaro normalarga muvofiq haqiqiy emasligi haqidagi rezolyutsiyasi loyihasini tayyorladi. Bu haqda bugun, 10 oktyabr kuni “EUobserver” portali o‘z qo‘liga tushgan hujjat loyihasiga tayanib xabar berdi. 

“Rossiya Federatsiyasining 2022 yil 21 fevral va 2022 yil 29 sentabrdagi Ukrainaning Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining maqomi to‘g‘risidagi qarorlari Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzadi hamda BMT Nizomiga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi 7 oktyabr sanasida ro‘yxatga olingan hujjatda.  

Matnda aytilishicha, Rossiyaning noqonuniy referendumlari va bu hududlarni qo‘shib olishga urinishi xalqaro huquqqa muvofiq emas va Ukrainaning ushbu mintaqalari maqomini o‘zgartirish uchun asos bo‘la olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida – 87,05 foiz, DXRda – 99,23 foiz, LXRda – 98,42 foiz.

Referendum natijalarini xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tuzilmalar tan olmadi va uni noqonuniy deb atadi.

30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

55

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing