BMT xodimlari G‘azodagi harakatlarni “genotsid” deb tan olishni talab qildi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 500 dan ortiq xodimi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk va Bosh kotib Antoniu Guterrishga murojaat qilib, Isroilning G‘azodagi harakatlarini “genotsid” deb tan olishni talab qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Xodimlar o‘z murojatida urushning ko‘lami va shafqatsizligi xalqaro huquqda belgilangan “genotsid” ta’rifiga to‘liq mos kelishini aytgan.

Ularning ogohlantirishicha, BMTning “ko‘zlarini yumib”, bamaylixotir sukut saqlashi tashkilot obro‘sini battar yo‘qotishi mumkin. Xodimlar Sharqiy Afrikada joylashgan Ruanda mamlakatidagi 1994 yilgi voqealarni xotirlab, o‘sha paytda ham “genotsid” sodir bo‘lgani, lekin BMTning harakatsiz qolganini eslagan. 

Folker Tyurk avvalroq Isroilning harakatlarini qoralagan va G‘azodagi vaziyatni “dahshatli” deb atagan. U xodimlarning noroziligini yaxshi tushunishini bildirgan. Guterrish ham uni qo‘llab-quvvatlagan, ammo rasmiy ravishda “genotsid” deb atash faqat Xalqaro sud vakolatida ekanini aytgan. 

Bu orada vaziyatdan xabardor bo‘lgan Isroil xodimlarning da’vosini rad etib, ularni doimgidek “asossiz ayblovlar” deb atagan. Tashqi ishlar vazirligi mamlakat “o‘zini himoya qilayotgani”ni qo‘shimcha qilgan. 

Bir nechta tashkilot va BMTning mustaqil ekspertlari Isroil tajovuzini allaqachon “genotsid” deb atagan, ammo BMT rasmiy ravishda bu so‘zni ishlatmayapti. Janubiy Afrika tomonidan Xalqaro sudga kiritilgan da’vo esa haligacha ko‘rib chiqilmagan.

Xalqaro tashkilot Isroilning G‘azodagi to‘xtamayotgan harakatlarini “genotsid” deyishga tili bormayotgan bir vaqtda, hudud ochlik va o‘lim iskanjasida qolgan. Yosh bolalarning o‘limi soat sayin oshib bormoqda. Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar esa Isroilni turli bayonotlar bilan ayblay olyapti, xolos. 

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumlari boshlanganidan beri deyarli 63 ming kishi, asosan ayollar va bolalar urush qurboniga aylangan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyi o‘rtalaridagina BMT G‘azo sektoridagi ocharchilikni birinchi marta rasman tasdiqlagandi. Ammo urush deyarli ikki yildan beri davom etmoqda. Mojaro, ommaviy ko‘chirishlar, gumanitar yordamga qattiq cheklovlar, oziq-ovqat, suv, tibbiy yordam, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va baliqchilikka ko‘mak berishning to‘xtatilishi, shuningdek, sog‘liqni saqlash, sanitariya va bozor tizimlarining yemirilishi odamlarni ochlikka mahkum etdi. Shunda ham tashkilot faqatgina urushni yakunlash kerakligi haqida bayonot beroldi.


Maqola muallifi

Teglar

genotsid Antoniu Guterrish Isroil G'azo Fol'ker Tyurk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing