BMT xavotirda: Ozarbayjon va Armaniston chegarasida yana harbiy keskinlik ortmoqda 

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Armaniston va Ozarbayjon chegarasida keskinlik kuchaygani haqidagi xabarlarni tashvish bilan kuzatmoqda. Bu haqda BMT saytida e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.

BMT vakili Farxan Xakning ta’kidlashicha, “ushbu xabarlarning ishonchliligini tasdiqlay olmagan holda, BMT ikkala tomonni ziddiyatni kuchayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan voz kechishga va paydo bo‘layotgan muammolarni muzokara doirasida hal qilishga chaqiradi”.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda arman-ozar chegarasida otishma yana avj olmoqda. Shu bilan birgalikda ikki mamlakat Mudofaa vazirliklari bir-birini o‘q uzishni boshlashda ayblab kelyapti. Jumladan, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi mamlakat harbiylarining Kalbajar mintaqasidagi pozitsiyalari joriy yilning 26 iyulga o‘tar kechasi Armaniston tomonidan, shu jumladan granata otish moslamalari bilan intensiv o‘qqa tutilganini ma’lum qilgan.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, ushbu holat oradan ikki kun o‘tar-o‘tmas yana takrorlangan. O‘z navbatida, Armaniston Respublikasi Ombudsmani Arman Tatoyan Ozarbayjon Qurolli Kuchlari mamlakatning shimoli-sharqidagi chegara aholi punktlariga qarshi o‘t ochganini ta’kidlagan. 

Qayd etish kerakki, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rasmiy Baku Yerevanga bir necha bor tinchlik shartnomasini imzolashni taklif qilganini aytgan. Prezident Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, biroq Armaniston Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolashni xohlamayapti.

Ma’lumot o‘rnida, Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi mojaro 2020 yil 27 sentyabrda faol jangovar harakatlar boshlanishi bilan keskinlashdi. O‘sha yilning 9 noyabrida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan imzolagan uch tomonlama bayonot mojaro zonasida harbiy harakatlarning to‘liq to‘xtashiga imkon yaratdi. Ozarbayjon va Armaniston tomonlari egallab olgan pozitsiyalarida to‘xtashdi, bir qator hududlar Baku nazorati ostiga o‘tdi, Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

46

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing