BMT Xavfsizlik Kengashi Yaman hududiga zarba bergan AQSH va Britaniyani jazolamadi
Olam
−
13 yanvar
4899Kecha, 12 yanvar kuni Rossiyaning talabi bilan AQSH va Buyuk Britaniyaning Yamandagi husiylarga tegishli ob’ektlarga hujumi yuzasidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishi chaqirildi. Bu haqda BMT saytida e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda husiylarga zarbalar berish qonuniy ekanligi ta’kidlandi. Ayni paytda Rossiya va Xitoy Vashington va Londonni mintaqadagi keskinlikni kuchaytirganlikda aybladi.
Rossiya AQSH-Buyuk Britaniya operatsiyasini “nomutanosib va noqonuniy” deb atadi.
Boshqa davlatlar AQSH va Britaniyaning husiy nishonlariga zarbalari Isroil-HAMAS urushi tufayli allaqachon yuqori bo‘lgan mintaqadagi keskinlikni kuchaytirishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild esa AQSH va Buyuk Britaniyaning zarbalari xalqaro huquq va BMT Nizomiga muvofiq ekanini aytdi.
“Operatsiyadan maqsad husiylarning kemalar va tijoriy yuk tashishlarga beparvo hujumlarini davom ettirish qobiliyatini buzish va zaiflashtirish edi”, deydi diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar tijoriy yuk tashishni himoya qilishga urinib, diplomatik kelishuvga intilishda davom etadi.
"Biz Niderlandiya, Kanada, Bahrayn va Avstraliyaning operativ bo‘lmagan yordami bilan o‘zimizni himoya qilish uchun cheklangan, zarur va mutanosib choralar ko‘rdik", deydi Britaniya vakili Syuzan Vudvord.
Rossiya doimiy vakili Vasiliy Nebenzya esa AQSH va Buyuk Britaniyaning zarbalari xalqaro huquqni buzayotganini va mintaqadagi keskinlikni kuchaytirganini aytdi.
"Tijoriy yuk tashishni himoya qilish boshqa narsa, unga hujum qilish mumkin emas, lekin boshqa davlatni nomutanosib va noqonuniy bombardimon qilish mutlaqo boshqa narsa", deya ta’kidlaydi u.
U BMTning asosiy vazifasi tinchlikka tahdidlarning oldini olish va xalqaro huquq tamoyillariga muvofiq bosqinchilik harakatlari yoki tinchlik buzilishining boshqa holatlarini bostirish ekanini eslatdi.
“Kecha biz aynan shunday vaziyatga – bir guruh davlatlar tomonidan boshqa davlatga qurolli tajovuz qilinishiga - duch kelganimizni katta afsus bilan qayd etamiz”, deydi diplomat.
U Oq uyning tajovuzga oid dalillarini oqlab bo‘lmas deb atadi. Shu bilan birga, Nebenzyaning aytishicha, Yamanga qilingan hujumlar o‘zini himoya qilish huquqiga hech qanday aloqasi yo‘q, chunki BMT Nizomining 51-moddasi tijoriy kemalar bilan bog‘liq vaziyatga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Qayd etish joizki, BMT Nizomining 51-moddasida BMT a’zolari tomonidan o‘z-o‘zini himoya qilish huquqini amalga oshirishda ko‘rilayotgan choralar zudlik bilan Xavfsizlik Kengashiga ma’lum qilinishi ko‘rsatilgan.
O‘z navbatida, Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Chjan Szyun BMT Xavfsizlik Kengashi Yamanga qarshi kuch ishlatishga ruxsat bermaganini eslatgan.
“AQSH-Buyuk Britaniya operatsiyasi nafaqat infratuzilmaning vayron bo‘lishi va tinch aholining qurbon bo‘lishiga olib keldi, balki Qizil dengizdagi xavfsizlikka tahdidni ham oshirdi", deydi u.
BMT Bosh kotibining yordamchisi Xolid Xiari ham so‘zga chiqib, AQSH va Britaniyaning Yamanga hujumlari va husiylar tomonidan javob qaytarilishi ehtimoli 2014 yildan beri fuqarolar urushi davom etayotgan mamlakatning siyosiy barqarorligiga tahdid solishini aytdi.
“Biz Yaman va mintaqadagi siyosiy xavfsizlik, shuningdek, iqtisodiy va gumanitar oqibatlarga jiddiy xavf soladigan zo‘ravonlik davrining guvohi bo‘lmoqdamiz. Mojarodagi so‘nggi gumanitar yaxshilanishlar zaif va agar boshqa hodisalar bo‘lsa, osongina o‘zgartirilishi mumkin", deydi Xiari.
BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ishidan so‘ng brifing ham bo‘lib o‘tdi. Unda Nebenzya BMT Xavfsizlik Kengashi AQSH va uning ittifoqchilariga Yamanga qilingan hujumlar uchun sanksiya bermaganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 yanvar kuni AQSH va Buyuk Britaniya Yamandagi 60 ta ob’ektga, jumladan radarlar, havo mudofaa tizimlari, omborlar, dron va raketalarni uchirish joylariga hujum qilgandi. Husiylar AQSH va Britaniyaning hujumi oqibatida besh askari halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Britaniya va Amerika rasmiylarining aytishicha, bu hujum 2023 yil dekabr oyidan beri tez-tez uchragan Qizil dengizdagi xalqaro kemalarga qilingan hujumlarga javob bo‘lgan.
AQSH Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Yamandagi zarba Qizil dengizdagi “misli ko‘rilmagan husiy hujumlari”ga javob bo‘lgan va mudofaa xarakteriga ega. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak ham husiy pozitsiyalariga zarbalari o‘zini himoya qilish uchun qilingan, cheklangan va mutanosib harakat ekanini ta’kidladi.
Husiylar esa AQSH va Britaniya qo‘shinlarining Yamanga hujumi G‘arbning G‘azodagi vaziyatdan e’tiborni chalg‘itishga urinishi ekanini da’vo qildi. Ular bu zarbaga qaramay, Qizil dengizdagi Isroil bilan bog‘liq fuqarolik kemalariga hujum qilishda davom etishini bildirdi.
Bugun, 13 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 3:45 da Amerika qo‘shinlari Yamandagi husiylarning radiolokatsion stansiyasiga hujum qildi.
LiveBarchasi