BMT Xavfsizlik Kengashi AQSH qo‘llovi bilan Qatarga hujumni qoraladi
Olam
−
12 Sentabr 2025 3216 3 daqiqa
BMT Xavfsizlik Kengashi kecha, 11 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohaga yaqinda qilingan hujumlarni qoraladi, ammo qabul qilingan bayonotda Isroil tilga olinmadi. Bayonot 15 davlatning barchasi, jumladan, Isroilning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan AQSH tomonidan ma’qullandi.
Isroil 9 sentyabr kuni HAMASning siyosiy yetakchilarini yo‘q qilishga harakat qildi, bu esa uning harbiy harakatlarini kuchayishiga olib keldi. AQSH bu hujumni “bir tomonlama” deb atadi va uni AQSH hamda Isroil manfaatlariga xizmat qilmaydi, deya ta’kidladi.
“Bu zarba bu yerdagi barchaga aniq xabar yuborishi kerak: terroristlar uchun hech qanday panoh yo‘q, na G‘azoda, na Tehronda va na Dohada. Terroristlar uchun hech qanday immunitet yo‘q. Terror yetakchilari qayerda yashirinishmasin, biz ularga qarshi harakat qilamiz”, dedi Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon hujumga bag‘ishlangan Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida.
AQSH odatda Isroilni BMTda himoya qiladi. Biroq Xavfsizlik Kengashi bayonotini qo‘llab-quvvatlashi – u faqat konsensus bilan qabul qilinishi mumkin – Prezident Donald Trampning Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu tomonidan qilingan hujumdan noroziligini ko‘rsatdi.
“Kengash a’zolari keskinlikni pasaytirish muhimligini ta’kidladi va Qatar bilan birdamlik bildirdi. Ular Qatarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini alohida qayd etdilar”, deyiladi Britaniya va Fransiya tomonidan tayyorlangan bayonotda.
Kengash tomonidan qattiq qoralangan Doha amaliyoti, ayniqsa, sezgir masala bo‘ldi, chunki Qatar G‘azodagi urushda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga mezbonlik qilib, vositachilik qilib kelayotgan edi.
“Kengash a’zolari HAMAS tomonidan garovga olinganganlarni ozod qilish, urush va G‘azodagi azob-uqubatlarga barham berish eng ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi”, deyiladi bayonotda.
Qatar Isroilni muzokaralarni izdan chiqarishda aybladi
Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abduraxmon Ol Soniy Isroilni Dohada HAMAS yetakchilariga hujum qilish orqali G‘azo urushiga chek qo‘yish bo‘yicha harakatlarni izdan chiqarishda aybladi, ammo vositachilik ishlarini davom ettirishga va’da berdi.
“Muzokaralar bilan band bo‘lgan paytimizda hududimizga hujum qilish – Isroilning haqiqiy niyatlarini ochdi. U tinchlikka erishish imkoniyatini yo‘qqa chiqarishga harakat qilmoqda. U falastinliklar azobini abadiylashtirishni istamoqda. Bu, shuningdek, hozir Isroilda hukm surayotgan ekstremistlar asirlarni qaytarishni ustuvor vazifa deb bilmasligini ko‘rsatdi. Bu ular uchun muhim emas”, dedi u kengashda.
Pokiston ham Isroil uchun HAMAS tomonidan ushlab turilgan asirlarni ozod qilish ustuvor masala ekanligiga shubha bildirdi.
“Yaqqol ko‘rinib turibdiki, bosqinchi kuch – Isroil tinchlikka erishishning har qanday imkoniyatini yo‘q qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda”, dedi Pokistonning BMTdagi elchisi Asim Iftixor Ahmad.
AQSHning BMTdagi vaqtinchalik elchisi Doroti Shea esa shunday dedi:
“Hech bir a’zo bu vaziyatdan Isroilning asirlarni uyiga qaytarishga bo‘lgan sadoqatini shubha ostiga qo‘yish uchun foydalanishi to‘g‘ri emas”.
U Trampning ushbu hujum haqidagi bayonotini takrorlab, bu zarbalar AQSH yoki Isroil maqsadlariga xizmat qilmasligini ta’kidladi, biroq “ushbu noxush voqeaga qaramay” bu tinchlik uchun imkoniyat sifatida xizmat qilishi mumkinligini qo‘shib qo‘ydi.
Jazoir norozilik bildirdi
Jazoir Xavfsizlik Kengashi bayonoti kuchliroq bo‘lmaganidan afsus bildirdi.
“Zo‘ravonlik yana zo‘ravonlikka olib keladi. Jazosizlik urushni keltiradi. Xalqaro hamjamiyatning, ayniqsa, shu Xavfsizlik Kengashining sukuti – beqarorlikni kuchaytiradi. Bu kengash hali ham cheklangan, agressorni nomi bilan atashga ham, hujumni xalqaro huquq buzilishi sifatida baholashga ham ojiz”, dedi Jazoirning BMTdagi elchisi Amar Benjama.
Ma’lumot uchun, 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS Isroilga hujum qilib, 1200 kishini o‘ldirdi va taxminan 251 kishini asirga oldi. Isroilning G‘azoga hujumida davomida esa mahalliy sog‘liqni saqlash organlariga ko‘ra, 64 mingdan ortiq kishi – asosan tinch aholi – halok bo‘ldi.
Live
Barchasi