BMT kerakmi? U qachongacha yashashi mumkin?
Tahlil
−
13 iyun
15795Yirik kolonial davlatlarga qarshi qaratilgan “bo‘lingan dunyoni qayta bo‘lish” konsepsiyasi Birinchi jahon urushining asosiy sababi sifatida aytib kelinadi. Lekin bu birgina asosiy sabab emas. Chunki o‘sha davrda xalqaro doirada mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro muloqot yetishmasligi faktorini ham juda muhim omillar qatorida eslab o‘tishimiz lozim. Birinchi jahon urushi boshlanishidan oldin, haqiqatdan ham jahon miqyosida tan olingan va butun dunyo davlatlarini to‘liq qamrab olgan holda ular uchun yagona xalqaro tartib ishlab chiquvchi tashkilot mavjud bo‘lmagan. Davlatlararo muhim siyosiy voqeliklarni hal qilish uchun nari borsa konferensiyalar tashkil qilingan, xolos. Albatta, o‘zaro muloqot tanqisligi sharoitida yakdillik ham defitsitga aylanadi, bu esa xalqaro darajadagi mojarolarning yetilishi uchun “birinchi g‘isht” vazifasini o‘taydi.
Shunday qilib, insoniyatga juda ulkan talafotlar yetkazgan va ilgari kuzatilmagan urush ro‘y berdi. Odamzod o‘z tarixi davomida bunday dahshatli 5 yillikka birinchi bor duch kelishi edi. Birinchi jahon urushidan so‘ng, yirik davlatlar keng doiradagi muzokaralarga ehtiyoj yanada ortgani, endi busiz xalqaro vaziyatni nazorat qilib bo‘lmasligini tushunib yetdi. 1919-1920 yillar davomida roppa-rosa bir yildan ortiq vaqt ichida 27 ta davlat Fransiyaning Versal saroyida Parij tinchlik konferensiyasini o‘tkazishdi. Mazkur tinchlik konferensiyasida Germaniya va uning ittifoqchilarining po‘stagi qoqildi. Ularning barchasiga reparatsiya, ya’ni tovon puli to‘lash majburiyati yuklandi. Ammo konferensiyaning asosiy yutug‘i, to‘g‘rirog‘i dastavval yutuq deya ta’riflangan voqeligi – Millatlar Ligasi tuzildi. Bu tarixdagi birinchi keng miqyosdagi xalqaro tashkilot edi. Millatlar Ligasining asosiy vazifalari dunyoda tinchlik uchun kurash, xalqlar o‘rtasida hamkorlik va xavfsizlikni ta’minlash etib belgilandi. Mazmun jihatdan bugungi BMTning ayni vazifalari Millatlar Ligasining prioritet maqsadlarida ham aks ettirilgandi. Lekin xalqaro tashkilotlar tarixi juda yomon muqaddima bilan boshlangan va bunga sababchi aynan Millat Ligasining ijodkorlaridir. Aynan ularning xatolari hosilasi bo‘lgan Millatlar Ligasining noto‘g‘ri va o‘ta adolatsiz siyosati tufayli Birinchi jahon urushining chuqur yaralari bitib ulgurmasdan sayyoramiz Ikkinchi jahon urushi yuzini ko‘rdi. Bu safargi urush oldingisiga qaraganda insoniyatga ikki barobar ko‘proq dahshatlarni taqdim qildi. Qatnashuvchi davlatlar, halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni bo‘yicha Birinchi jahon urushini juda katta farq bilan ortda qoldirgan bu urush endi rostmanasiga dunyo tarixida eng dahshatli va qirg‘inbarot mojaro sifatida nom qoldirdi.
Ikkinchi jahon urushi o‘zining qizg‘in pallasiga kelganda “Birlashgan Millatlar” degan tushuncha birinchi marotaba AQSH prezidenti Franklin Delano Ruzvelt taklifiga ko‘ra, 1942 yil 1 yanvarda Birlashgan Millatlar Deklaratsiyasida qo‘llanildi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan urush yakuniga yetgandan so‘ng paydo bo‘lgan xalqaro tashkilot nomiga asos bo‘ldi. 1945 yilning aprelidan iyunigacha AQSHning San-Fransisko shahrida 50 ta davlat vakillari ishtirokida Birlashgan Millatlarning konferensiyasi bo‘lib o‘tadi va bu konferensiyada xalqaro tashkilot tuzish haqida qaror qabul qilingan holda BMTning Nizomi tasdiqlanadi. Keyinchalik, Polsha davlatining bu Nizomni tasdiqlashi munosabati bilan tashkilotga a’zo davlatlar soni 51 taga yetadi. BMT 1945 yilning 24 oktyabrida ko‘pchilik davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan kundan boshlab yuridik kuchga ega bo‘ldi. Shunday qilib, xalqaro maydon sahnasida omad yuz o‘girgan Millatlar Ligasining o‘rnida yangi Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyoga keldi.
Bugun bu tashkilotning samaradorligi va insoniyatga ta’siri haqidagi qarashlar bir-biridan farqli ikki qutbga bo‘lingan. Kimlar uchundir BMT yer yuzidagi eng katta tashkilot sifatida ishlab turishi lozim bo‘lsa, bu fikrga qarama-qarshilar bugungi kundagi BMT o‘ta samarasiz bo‘lib, o‘z “ajdodi” hisoblanmish Millatlar Ligasining ayanchli taqdirini qadamma-qadam takrorlayotgani va bu tashkilotning kelajagi yo‘q ekanligini ta’kidlab kelishadi. Umuman olganda, ikki fikrda ham o‘ziga yarasha jon bor va buni ikki qismga bo‘lgan holda tahlil qilishimiz mumkin.
BMT haqidagi stereotiplar va uning sabablari
Humanitarian Careers tashkiloti BMT haqidagi barcha salbiy qarashlar odamlar ongida noto‘g‘ri shakllangan fikrlar tufayli paydo bo‘lgan, deya ta’kidlaydi. Ularning ma’lum qilishicha, bu bir qancha asossiz ma’lumotlar yoki tushunchalar ortidan paydo bo‘lgan. Bunga eng asosiy sabab dunyo aholisining katta qismi BMTni samarasiz va tinchlik hamda xavfsizlik bilan bog‘liq maqsadlariga erisha olmagan, deya hisoblaydi. Masalan, 2003 yilgi AQSHning qing‘irliklari, 1994 yilda Ruandadagi genotsid, Isroil-Falastin mojarosi va 2017 yilda Myanmada rohinjalar genotsidining oldini ololmaganligi BMT tanqidchilari uchun eng muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Ammo bu o‘rinda ular tashkilot tomonidan amalga oshiriladigan gumanitar faoliyatni va ularning samarasini anglashmaydi yoki anglashni xohlamaydi. Ko‘p hollarda mazkur tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro miqyosdagi yordamlar odamlar e’tiboridan chetda qoladi. Xususan, millionlab qochqinlarga yordam berish, iqlim o‘zgarishiga global javobni muvofiqlashtirish, muhim insonparvarlik yordamini ko‘rsatish, qashshoq mamlakatlarga asosiy rivojlanish yordami bo‘yicha yetakchilik qilish, global aloqa va aviatsiyani muvofiqlashtirish va jahon merosi ob’ektlarini himoya qilish kabi sa’y-harakatlar doim parda ortida qolib ketadi. Ushbu turdagi ish hayotiy ahamiyatga ega va har yili butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarga yordam beradi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti global va betaraf tashkilot sifatida ushbu turdagi muammolarni hal qilish uchun o‘ziga xos tarzda tizim ishlab chiqqan.
Bundan tashqari, tashkilotda qaror topgan murakkab byurokratik tizim uning faoliyatini qiyinlashtirgani va bu muammo allaqachon tashkilot boshini berk ko‘chaga kiritib qo‘ygani tanqidchilar tomonidan juda ko‘p ta’kidlanadi. Biroq bu fikrga kelish uchun bir qancha asoslar mavjud. Masalan, bugungi kunda tashkilot tarkibida 15 ta ixtisoslashgan agentlik bilan bir qatorda Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash va boshqa ko‘plab organlardan faoliyat olib boradi. Bu esa o‘z-o‘zidan murakkab byurokratik tizimni shakllantiradi. Eng achinarlisi esa ayni damda tashkilotdagi ikki asosiy organ – Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashining vakolatlari o‘rtasidagi nomutanosiblik va Kengash ichidagi davlatlarning o‘zi ham turli qutblarga va manfaatlar doirasiga bo‘linib ketganligi dunyo bo‘yicha eng yirik bo‘lgan ushbu tashkilotning boshini rostdan ham berk ko‘chaga kiritib qo‘ygan. Bu esa Xavfsizlik Kengashining doimiy 5 ta a’zosida mavjud bo‘lgan “cheklanmagan” vakolat qolgan 188 ta davlatning manfaatlari va ovozlaridan ustunligini ta’minlaydigan adolatsiz struktura oqibatida shakllangan. Bu o‘rinda tashkilotning juda yirikligi va ko‘p tarmoqlarga bo‘linganini hisobga olib undagi chigal byurokratik tizimni oqlashimiz mumkin, ammo AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari bo‘lgan davlatlarda mavjud bo‘lgan va tashkilotni borgan sari zaiflashtirib borayotgan “veto” huquqini hech bir asos bilan oqlay olmaymiz.
Humanitarian Careers o‘z qarashini dalillar bilan to‘ldirgan holda, BMTni yomonotliq qilayotganlar asosan siyosiy arboblar ekanligi va bu ularga o‘z mamlakatlaridagi siyosiy kurash maydonida o‘ziga yarasha obro‘ va ustunlik olib kelishi uchun qilinishini ta’kidlaydi. Rostdan ham bugungi kunda ko‘plab siyosiy doiralarda BMTga ishonchsizlik va uni keskin tanqid qilish tendensiyasi ancha yuqori darajada. Albatta, yirik tashkilotga tosh otish ma’lum ma’noda siyosiy shaxslarning xalq orasidagi mashhurligi va obro‘-e’tiborini oshiradi va bugun ba’zi siyosatchilar mazkur imkoniyatdan foydalanib qolishga urinmoqda. Ammo ular tomonidan aytilayotgan kamchiliklar shunchaki piar uchungina emas, va bu tanqidlar o‘ziga yarasha asoslarga ega. Xususan, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan yozilgan “Dunyo yanada adolatli bo‘lishi mumkin” asaridagi keskin tanqidlar va tashkilotda qaror topgan tizimni o‘zgartirish haqidagi takliflar juda o‘rinli. Erdo‘g‘an o‘z kitobida “dunyo beshdan katta” g‘oyasini ilgari suradi va bu o‘z-o‘zidan tashkilotni tubdan isloh qilishni anglatadi. U shu orqaligina dunyoni yana adolatli qilish mumkinligini uqtiradi.
“BMTga a’zo 193 mamlakat taqdirini besh mamlakat belgilaydigan tizim adolatdan emas. Tizim qayta isloh qilinishi kerak. Dunyodagi mamlakatlar beshtadan ko‘pligini gapirganimizda butun insoniyatning huquq va umumiy manfaatlarini himoya qilishga urinamiz, buni o‘z mamlakatimiz manfaati uchun gapirmaymiz”, deydi u.
Turkiya yetakchisi ancha vaqtdan buyon o‘z bayonotlarida sayyora taqdiri Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan “bir siqim mamlakatlar” ixtiyoriga tashlab qo‘yilmasligi kerakligini takrorlab keladi va u tashkilotda jiddiy reforma o‘tkazish tarafdorlari ichida asosiy yalovbardor shaxs hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, globallashgan dunyoda hamkorlik va ishonchli kommunikatsiya o‘rnatish uchun keng miqyosdagi xalqaro tashkilotga ehtiyoj bor va buni inkor qilib bo‘lmaydi. BMT qanchalik tanqid qilinmasin, uning mavjudligi insoniyat va yer yuzidagi tinchlik uchun juda zarur. Chunki tarixan xalqaro tashkilotlarning mavjud emasligi yoki uning de-fakto tugatilishi Jahon urushlari uchun “yashil chiroq yoqqan”. Shunday ekan, bugun BMTni “savalayotganlar” ham uning tugatilishi emas, balki unda tashkil topgan adolatsiz strukturani o‘zgartirish va barcha davlatlarga teng huquqlar taqdim qilishni nazarda tutyapti. Negaki, bugun BMTni asrab qolish va uning faoliyati samaradorligini oshirishga qanchalik harakat qilinmasin, u shunday versiyadagi eski tashkilot – Millatlar Ligasining ba’zi xatolaridan xulosa chiqarmagan va uning ayanchli taqdirini takrorlayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.
Millatlar Ligasining taqdirini takrorlayotgan BMT
Millatlar Ligasi faoliyatini boshlashidan oldin o‘z tanazzuli uchun o‘zi tamal toshini qo‘ygan tashkilotdir. Buning uchun bir qancha asoslar mavjud. Bu asoslarni xatolar jumlasi bilan almashtirsak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bugungi BMT ham o‘z ajdodiga hurmat bajo keltirgani o‘laroq, qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yish masalasida Millatlar Ligasi yurgan boshi berk ko‘chada harakatlanmoqda. Xo‘sh, Liga o‘z faoliyati davomida qanday xatolarga yo‘l qo‘ygan? BMT qaysi masalalarda tarixdan saboq chiqarishni unutdi? Nima sababdan dunyo davlatlari tashkilot mavjud bo‘lgan davrda xalqaro siyosiy tartibni “oyog‘ini osmondan” qilib yuborishgan? Keling, shu va boshqa savollarga javob topishga harakat qilamiz.
1-xato. Tashkil topish sharoiti va undagi dastlabki maqsad
Xalqaro tashkilotlar mavjud bo‘lmagan va davlatlar orasidagi mojarolar konferensiyalar tashkil qilish orqali hal qilinadigan davrlarda, uchrashuvga yig‘ilishdan asosiy maqsad mag‘lub davlatni jazolash, egallangan yerlarni qaytarish va tormor etilgan davlat zimmasiga kontributsiya yoki reparatsiya kabi to‘lovlarni yuklash bo‘lgan. Millatlar Ligasining tamal toshi qo‘yilgan Parij tinchlik konferensiyasining ham asosiy maqsadlari shular edi. Bu esa keyinchalik Millatlar Ligasining DNKsida namoyon bo‘ldi.
BMT bilan Millatlar Ligasining tashkil topish shart-sharoitlari va bunga sabab bo‘luvchi omillar o‘rtasidagi farq deyarli yo‘q ekanligi kishini hayratga soladi. Millatlar Ligasiga asos solingan konferensiya o‘z bag‘riga 27 ta mamlakatni jamlagandi. BMT ham bu son bilan o‘xshash voqelik mavjud. Ikkinchi Jahon urushi davom etayotgan mahal dunyo bo‘yicha 26 ta mamlakatning hukumatlari urushning boshlanishiga sababchi bo‘lgan davlatlarga qarshi birlashishiga qaror qilgan edi. Keyinchalik “Birlashgan Millatlar” degan tushuncha birinchi marotaba AQSH Prezidenti Franklin Ruzvelt taklifiga ko‘ra, 1942 yil 1 yanvarda Birlashgan Millatlar Deklaratsiyasida qo‘llanildi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan urush yakuniga yetgandan so‘ng paydo bo‘lgan xalqaro tashkilot nomiga asos bo‘ldi.
27 va 26 ta davlatning tashabbusi, tinchlikni qaror toptirish uchun emas, balki urushga sababchi bo‘lganlarga qarshi birlashish va o‘sha davrdagi barcha mavjud davlatlarning qarashlarini teng tarzda aks ettirish masalasidagi kamchiliklar ushbu ikki xalqaro tashkilotning muvaffaqiyatsizliklarida bosh omil vazifasini o‘tagan desak ko‘p ehtimol mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
2-xato. Bir hovuch qo‘llar orasidagi sayyora taqdiri
Insoniyat tarixidagi ilk xalqaro tashkilot tanazzulining asosiy sababi bu – Parij tinchlik konferensiyasida va undan keyin Millatlar Ligasining faoliyatida asosiy qarorlar tor doirada qabul qilinganidir. Konferensiyada hal qiluvchi rolni katta uchlik o‘ynagan. O‘sha paytda katta uchlik tarkibiga AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya davlatlari kirgan. Mag‘lub davlatlar Germaniya, Avstriya-Vengriya va Turkiya kabilar siyosiy tanazzulga uchradi. Shohsupada faqat katta uchlik qolgandi. Ular esa o‘z-o‘zidan keyingi davr uchun amal qiladigan dunyo tartibini tuzishdi. Eng qizig‘i, mag‘lub davlatlar va Rossiya Liga tarkibiga kiritilmadi. Bu esa ushbu xalqaro tashkilot faqat tor doiralarning manfaatlari yo‘lidagi ulov vazifasini o‘tashini anglatardi. Xatolar zanjiri aynan shundan boshlandi. Bu hali hammasi emas edi. Millatlar Ligasi Germaniya va Turkiyaning Yaqin Sharqdagi mustamlakalarini Antanta ittifoqi vakillari tomonidan o‘zaro bo‘lib olish niyatini o‘zida aks ettiruvchi Nizom joriy qildi. Bu esa Fransiya va Buyuk Britaniya Osiyo va Afrikaning katta qismi ustidan boshqaruv mandatiga ega bo‘lishiga olib keldi. Shunday qilib, yer yuzida tinchlik vositasi deb ta’riflangan Millatlar Ligasi urushda g‘alaba qozongan davlatlar tomonidan mag‘lublarning yerlari va mulklarini tortib olish “operatsiya”si ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu achchiq haqiqat urushdan keyin o‘rnatilgan tartibdan norozi bo‘lganlarning sonini oshirib yubordi va natijada G‘arbning bir qator mamlakatlarida yangi radikal va ekstremistik unsurlarga ega jarayon paydo bo‘lishiga olib keldi. Ushbu yangi harakat – fashizm edi.
BMTning Nizomiga esa Xitoy, sobiq SSSR, Angliya va AQSH davlatlari vakillari tomonidan 1944 yilning avgust oyida qabul qilingan loyiha asos qilib olinadi. Bu esa BMT xatolar kitobidagi birichi sahifa bo‘ldi. 1945 yil 26 iyunda BMTning Nizomi 50 ta mamlakat vakillari tomonidan tasdiqlanadi. Bu anjuman esa urush paytida tashkillashtirilgan Yalta konferensiyasida SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya rahbarlari Franklin Delano Ruzvelt, Uinston Cherchill va Iosif Stalin o‘rtasida kelishib olingan edi. Shuning uchun ba’zi manbalarda bugun BMT AQSH, Britaniya va sobiq SSSR tomonidan barpo etilgan, deya tan olinadi. BMT 1945 yilning 24 oktyabrida ta’sis etgan ko‘pchilik davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan kundan boshlab yuridik kuchga ega bo‘ldi. Shunday qilib, BMT ham Millatlar Ligasi kabi bir hovuch qo‘llar orasida qaror topdi va o‘sha qo‘llar mazkur tashkilotni boshqarishda cheksiz vakolatlarni o‘zida jam qilgan “veto” huquqini o‘ziniki qilib oldi. Bu esa keyinchalik tashkilot faoliyatida ham o‘ziga xos tarzda aks etdi. Xususan, tashkilotda barcha a’zolarni jamlagan Bosh Assambleya bilan bir qatorda Xavfsizlik Kengashi ham tashkil qilindi. Kengashga esa BMTni qurgan asosiy davlatlar hamda Fransiya va Xitoy ham kiritildi. Ushbu davlatlar Ikkinchi jahon urushida g‘olib bo‘lgan blok hisoblanadi. Eng qizig‘i, mazkur nuqtada BMT ham o‘zining avvalgi yoshi ulug‘ versiyasi kabi g‘olib davlatlarga keng vakolatlar, mag‘lublarga esa quruq a’zolik taqdim qilganini anglashimiz qiyin emas. Eng achinarlisi esa shu kundan boshlab to hozirgacha tashkilotga a’zo 193 ta mamlakat va yer yuzidagi 8 milliarddan ortiq aholining taqdiri atigi besh davlatning qo‘lida qolib ketmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi – uning asosiy doimiy ishlovchi siyosiy organi hisoblanadi. BMT Nizomining 24-moddasiga binoan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlab turish uchun asosiy javobgarlik aynan Xavfsizlik Kengashi zimmasiga yuklatilgan. Biroq shunday bo‘lsa-da, o‘tgan davr mobaynida AQSH va Buyuk Britaniya Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada, Rossiya esa Kavkazorti va Sharqiy Yevropada siyosiy beqarorlik va bir qancha mojarolarga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari Qo‘shma Shtatlar Osiyo-Tinch okeani mintaqasida bir qancha asossiz urushlarni keltirib chiqardi. Bu mojarolarda esa Xitoy va sobiq SSSRning o‘rnini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
3-xato. Bo‘sh nazorat
Millatlar Ligasidagi adolatsiz xalqaro tartib Yevropaning ko‘p qismida millatchilik kayfiyatini urchitib yubordi. Endilikda mag‘lub millatlar hukumatining tepasida turgan liderlar insonlarning millatchilik kayfiyatiga yog‘ sepishga kirishdi. Ular o‘z millati uchun ijtimoiy adolatni o‘rnatishni va’da qilib, ortidan juda katta olomonni ergashtirishni boshladi. Bu esa xalqaro maydonda yangi boshboshdoqlik urug‘larini ekkan holda Millatlar Ligasining chirish jarayonini boshlab berdi. Davlatlar orasida harbiy kuchga tayanish masalalarning asosiy yechimi sifatida ko‘rildi. Qurollanishga qarshi va mojarolarni hal qilish ustidagi kelishuvlar behuda ketdi. Oqibatda vaqt o‘tib Millatlar Ligasi atrofida qaror topgan Versal-Vashington tizimiga amal qilish davlatlarning kun tartibidan tushib qoldi. Xuddi hozirgidek. Har kim yopinchiqni o‘z tomoniga tortishni boshladi. Bir tomonda Britaniya va Fransiya bo‘lsa, qirg‘oqning ikkinchi tomonida eski qadrdonlar Germaniya, Italiya va Yaponiya turar edi. Ushbu qarama-qarshilik yuqorida daraxt uchida turgan holda ikki yirik o‘yinchi SSSR va AQSH tomonidan diqqat bilan kuzatilar edi. Millatlar Ligasi allaqachon omonatgina tashkilot bo‘lib ulgurgandi. Tashkilotning qimirlab qolgan mo‘rt binosidan dastlabki toshni ko‘chirish Yaponiyaning chekiga tushdi.
O‘sha paytda Uzoq Sharqda o‘zini yakka hukmdor deb biladigan Yaponiya 1932 yilda Manchjuriyani bosib oldi. Bir yil o‘tib esa Millatlar Ligasini tark etdi. Shundan so‘ng yaponlar Markaziy Xitoyni ham bosib oldi. Bosqinchilik harakatlari Italiya tomonidan davom ettirildi. 1935-36 yillarda Italiya Efiopiyaga hujum qildi va Eritreya hamda Somalini bir qismini o‘ziniki qilib oldi. Italiya ham ushbu voqeadan bir yil o‘tib Millatlar Ligasini tark etdi. Bundan tashqari, insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘inga hozirlanayotgan nemis fashizmini jilovlash e’tibordan chetda qoldirildi. Germaniya inqirozning tubiga g‘arq bo‘lgan holatda ham unga natsistik masalada qarshi turish Liganing qo‘lidan kelmadi. Shunday qilib, Millatlar Ligasi haqidagi hujjatlar bir parcha qog‘oz bo‘lib qoldi. Dunyo esa xalqaro tartiblar buzilgan voqeliklar fonida Ikkinchi Jahon urushiga qarab odimlab borardi.
BMT ham tashkil topgandan buyon nazorat yuzasidan oqsoqlanishda Millatlar Ligasidan qolishmayapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, BMT tashkil topgandan buyon yer yuzida 480 dan ortiq urush va mojarolar bo‘lib o‘tgan. Bu esa so‘nggi 79 yil ichida har 2 oyda bir konflikt yuz berganini anglatadi. To‘g‘ri, mojarolarning katta qismi lokal urushlar bo‘lgan. Ushbu urushlarning barchasini ham BMT gardaniga yuklanishi mantiqan to‘g‘ri emas, biroq o‘z faoliyati davomida to‘xtatish yoki oldini olishi lozim bo‘lgan jarayonlarda ham BMT zaiflik qilgan holatlar yetarlicha. O‘zi boshlagan urushga qarshi qabul qilingan rezolyutsiyaga vakolati doirasida mavjud bo‘lgan “veto” huquqidan foydalangan holda qirg‘inlarini davom ettiruvchi Xavfsizlik Kengashining ayrim a’zolari bor ekan, dunyoda tinchlik qaror topishidan umid qilish kulgili. Nafaqat Kengash a’zolari, balki ularda mavjud “veto” huquqi va BMTning tashkiliy strukturasi bugun hech bir talabga javob bermaydi.
Shu o‘rinda ushbu tashkilotda qaror topgan adolatsiz struktura haqida so‘z yuritsak. BMT ikkita asosdan tashkil topgan – Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi. Assambleya tashkilotga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarni qamrab oladi. Adolat allaqachon tark etgan Xavfsizlik Kengashining tarkibi esa hammaga ma’lum. Assambleya biror masala yuzasidan bir qarorga kelishi hech nimani anglatmaydi. Chunki rezolyutsiya qabul qilinishi uchun 193 ta davlatning ichida yetarli ovoz to‘plangan taqdirda, birgina Xavfsizlik Kengashi a’zosi tomonidan qo‘yilgan veto barcha sa’y-harakatlarni yo‘qqa chiqaradi. Ushbu veto huquqi tarkibi o‘zgarmas 5 ta davlat tomonidan monopoliya qilinganini hisobga olsak, adolat va mantiq bu tashkilot shtab-kvartirasiga tashrif buyurmaganiga ancha bo‘lganini anglash qiyin emas. Dunyodagi ko‘plab urush va mojarolar, qonli qirg‘inlarning eng tagida aynan shu veto huquqi yotadi. Nazoratning yo‘q bo‘lishida ham asosiy sababchilardan biri Xavfsizlik Kengashining noto‘g‘ri tashkil etilgan faoliyat yo‘lidir.
4-xato. Tajovuzkorga “xo‘p” deyish
Millatlar Ligasi qulashga tayyor bo‘lib qolgan paytda, Birinchi Jahon urushidan alamzada bo‘lgan Germaniya harbiy va iqtisodiy jihatdan dinamik o‘sishga erishdi. Nemis fashizmidan qo‘rqish Millatlar Ligasi va undagi asosiy figuralarning keyingi harakatlarini belgilab berdi. Biroq bunda faqat qo‘rqish faktorigina muhim ahamiyat kasb etmagan. Ushbu holatda G‘arb elitalari Liga a’zosi bo‘lgan SSSR va Chexoslovakiyaga nisbatan surbetlik qilish orqali o‘zlarini himoya qilishni ko‘zlagandi. Ular fyurer hukumatiga Chexoslovakiya yerlarining bir qismini berish va nemis tajovuz mashinasining yo‘liga chiqishdan ko‘ra, uning marshrutini sharqqa SSSR hududiga qarab burilishini lozim topdi. Biroq bu shunchaki asossiz umid edi va keyinchalik G‘arb davlatlarining “tajovuzkorga yon berish” siyosati deb nom olgan mazkur irodasizligi Ikkinchi Jahon Urushiga yo‘l ochib berdi. Xullas, Liga o‘z dumini yutishni boshlagan ilon kabi qilgan harakatlari tufayli o‘zining boshini yedi.
BMTda esa zo‘ravonlik bilan bog‘liq holat biroz boshqacha tus olgan. Bu yerda siyosiy beqarorlik tashkilot ichidagi asosiy asoschilar tomonidan amalga oshirilishi insonni biroz o‘yga toldiradi. Bu o‘z-o‘zidan muammo juda murakkab va uning ildizi ancha chuqur ekanini anglatadi. Zo‘ravonliklarning asosiy ozuqasi esa bu – “veto” huquqi. Ushbu vakolat qanday ishlashi yuqorida tushuntirildi, biroq ko‘plab salbiy jihatlarga ega ushbu huquq unga ega bo‘lgan “xavfsizlik va tinchlik uchun javobgar bo‘lgan 5 ta davlat” tomonidan qanday, qancha va qay tarzda foydalanilgani alohida mavzu. Ma’lumotlarga qaraganda veto shu paytgacha 293 marta qo‘llanilgan. Ularning eng katta qismi SSSR va uning vorisi Rossiya tomonidan foydalanilgan. Ular umumiy hisobda 120 dan ortiq holatda bu vakolatlarini ishga solgan. Bu vetolarning juda ko‘p qismi tashkilotga yangi a’zolarni qabul qilishga qarshi ishlatilgan. Qo‘shma Shtatlar ham bu borada juda ilg‘or. Eng achinarlisi esa AQSH o‘zining vetolarining deyarli teng yarmini XX va XXI asrning eng surbet okkupanti Isroilga qarshi qabul qilingan rezolyutsiyalarni bloklash uchun qo‘llagan. Xavfsizlik Kengashining a’zosi sifatida BMT konsepsiyalariga mutlaqo zid tarzda harakatlanish butun tashkilotning reputatsiyasini parchaladi. Bu ketishda Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropa BMTning potensial qabrlari bo‘lishi mumkin.
Bugungi BMT
Bugun BMTning qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan. Qarorgohning binosi va maydoni xalqaro zona hisoblanadi. Bu esa ushbu hudud birgina AQSHning emas, balki BMTga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarning hududi deganidir. Qarorgohning qarshisida a’zo mamlakatlar bayroqlari qadalgan. Birinchi bayroq Afg‘onistonniki, oxirgisi esa Zimbabveniki, chunki mamlakatlar nomi alifbo tartibida joylashtirilgan. BMTning o‘z bayrog‘i ham bor bo‘lib, u havo rangda va o‘rtasida oq rang mavjud. Bundan tashqari, bayroqda zaytun daraxtining shoxlari o‘rab turgan dunyo xaritasining tasviri ham mavjud. Zaytun daraxti tinchlik ramzi hisoblangani uchun BMT bayrog‘idan joy olgan. Ammo, hozircha tinchlik ramzi osmonda hilpirab turgan bayroqdan yerga tushganicha yo‘q.
Tashkilot Nizomida BMTning tamoyillariga amal qilmagan davlatlarning huquqlarini cheklab qo‘yish yoki uni umuman a’zolikdan mahrum etish belgilangan. Ammo bugunga qadar hali biror bir mamlakat BMTdan chiqarilmagan. Hozircha BMTni Millatlar Ligasidan farqlab turgan kam sonli jihatlardan biri aynan shu.
Tashkilot bugungi kunda bir qator xalqaro bayramlarni nishonlab keladi.
Bular:
- Xalqaro xotin-qizlar kuni (8 mart);
- Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni (5 iyun);
- Xalqaro savodxonlikni yoyish kuni (8 sentyabr);
- Xalqaro qashshoqlikka qarshi kurash kuni (17 oktyabr);
- Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni (1 dekabr);
- Inson huquqlari kuni (10 dekabr).
Biroq “tinchlik bayramini” nishonlash hali tashkilotga nasib qilmadi. BMT faoliyati haqida juda uzoq so‘zlasa, tom tom kitoblar yozsa bo‘ladi. Lekin bu kitobning asosiy boblari Isroilning Falastindagi qirg‘ini, Rossiya tomonidan Ukrainaning kuli ko‘kka sovurilishi, AQSH tomonidan Yaqin Sharqning katta qismi xarobazorga aylantirilgani va Liviya yo‘q qilingani haqidagi voqealardan tarkib topadi.
LiveBarchasi