BMT Isroilning falastinlik ayollarga nisbatan zo‘ravonligini qoraladi 

Olam

image

G‘azo sektoridagi falastinlik ayollar Isroil kuchlari tomonidan g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatga duchor bo‘lmoqda, deydi BMTning ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Reem Alsalem “Anadolu” nashriga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektorida 7 oktyabrdan beri davom etayotgan voqealar minglab ayollar va bolalarga ta’sir qilgan. 

“30 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, ularning 70 foizi ayollar va bolalar. Bu genotsid davom etishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Falastinlik ayollar va bolalar insoniyatga qarshi dahshatli jinoyatlar qurboni bo‘lmoqda”, deydi Alsalem.

“G‘azo sektorida xotinlar erlaridan ayrilmoqda, har soatda ikki ona o‘lmoqda, son-sanoqsiz bolalar yetim qolmoqda. Gumanitar yordam yetkazilishi to‘silgani sabab, odamlar och qolmoqda. Homilador ayollar bomba va tibbiy yordamning yetishmasligi sharoitida, ko‘pincha qiyin sharoitda tug‘ishga majbur bo‘ladi ", deya davom etdi u.

Alsalemning aytishicha, falastinlik bolali ayollarning sudsiz va ochiq qatl etilgani, shuningdek, ularning o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishi, g‘oyib bo‘lishi va G‘arbiy Sohil yoki Isroildagi qamoqxonalarga o‘tkazilishi haqida ishonchli xabarlar bor.

BMT vakili 2023 yil 7 oktyabrdan 31 dekabrga qadar hibsga olingan 3 ming g‘azolikdan 200 nafarga yaqini ayollar va qizlar ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, bu davrda G‘arbiy Sohilda hibsga olingan 3700 nafar falastinlikdan 147 nafari ayollar va 245 nafari voyaga yetmaganlardir.

BMT so‘zlovchisi G‘azo sektoridagi ayollar ham jinsiy zo‘ravonlik tahdidiga duchor bo‘lishidan ogohlantirdi.

“Biz falastinlik ayollarning yechintirilgani va haqoratli vaziyatlarda suratga olingani haqidagi xabarlardan dahshatga tushdik. Bu suratlar isroillik askarlar orasida va internetda tarqalmoqda. Bu urush qonunlarini ochiqdan ochiq buzishdir”, degan u.

Sarvar Xurramov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

BMT Isroil falastin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing