BMT Isroildan Falastin hududini tark etishni talab qildi
Olam
−
18 Sentabr
4640BMT Bosh Assambleyasi Isroildan bosib olingan Falastin hududlari bo‘yicha Xalqaro sud xulosasi qoidalariga rioya qilishni va hujjat tasdiqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay yerlarni ozod qilishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, rezolyutsiya yoqlovchi 124 ta ovoz bilan qabul qilingan. Yana 14 davlat qarshi ovoz bergan, 43 tasi betaraf qolgan. BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalaridan farqli o‘laroq, Bosh Assambleya rezolyutsiyalari qonuniy kuchga ega emas.
Qayd etilishicha, qabul qilingan hujjat BMT sudi tomonidan chiqarilgan maslahat xulosasiga asoslanadi. Unga ko‘ra, Isroilning Falastin hududida bo‘lishi noqonuniy deb topilgan. Sud Isroil ushbu hududlarni ozod qilishi, ko‘chib o‘tish faoliyatini to‘xtatishi va yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lashi kerakligini belgilagan.
“Bosh Assambleya qabul qilingan hujjat bilan sudning tegishli xulosasini mamnuniyat ila qabul qiladi va Isroildan bosib olingan Falastin hududida noqonuniy mavjudligini zudlik bilan tugatishni talab qiladi. Isroil buni ushbu qaror qabul qilinganidan keyin 12 oydan kechiktirmay amalga oshirishi zarur”, deyiladi xabarda.
Hujjatda yozilishicha, Isroildan xalqaro huquq bo‘yicha barcha qonuniy majburiyatlarni, shu jumladan xalqaro sud tomonidan ko‘zda tutilgan majburiyatlarni zudlik bilan bajarish talab qilinadi. Ular barcha qo‘shinlarni bosib olingan Falastin hududidan (shu jumladan havo va dengiz hududidan) olib chiqish va ko‘chib o‘tish faoliyatini to‘xtatishni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, rezolyutsiya Isroilning noqonuniy ishg‘ol tufayli yetkazilgan zararni qoplashini, bosib olingan yerlar va mulklarni qaytarishini, urush oqibatida ko‘chirilgan falastinliklarning o‘z uylariga qaytishiga ruxsat berishini talab qiladi.
Bosh Assambleya barcha davlatlarni Isroilning Falastin hududida noqonuniy mavjudligining davom etishiga olib keladigan harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil BMT organiga putur yetkazish uchun Google reklamalaridan foydalanganlikda ayblangan edi.
LiveBarchasi