BMT G‘azoga yordam berishni to‘xtatdi
Olam
−
20 noyabr 2023
7407Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam berish agentligi yoqilg‘i va aloqa yo‘qligi sababli G‘azoga oziq-ovqat va tovarlar yetkazib berishni to‘xtatganini ma’lum qildi. Bu haqda "Yeuronews" xabar berdi.
Maxsus agentlik bundan buyon o‘z kanallari orqali G‘azoga oziq-ovqat va tovarlar jo‘nata olmasligini bildirgan. Buning sababi, aloqa uzilishlari tufayli yetkazib berishni muvofiqlashtirish yoki ular uchun yoqilg‘i topilmasligida.
BMT Bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning aytishicha, yordam Rafah nazorat punktida yig‘ilgan, biroq agentlikda yuk mashinalari yo‘qligi sababli ularni olib ketish imkoni yo‘q.
“Telekommunikatsiya tarmog‘idagi muammolar tufayli G‘azodagi umumiy vaziyat bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarga ham ega emasmiz. Shu bois biz G‘azo sektoridagi xodimlar bilan aloqani butunlay yo‘qotdik. Ularning katta qismi biz bilan bog‘lana olmaydi", deydi agentlikning aloqalar bo‘yicha direktori Julett Tuma.
Ayni paytda Isroil armiyasi sektor hududlarida HAMAS va uning bo‘linmalariga qarshi quruqlikdagi amaliyotlarini kengaytirishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT G‘azo sektoridagi Isroil-HAMAS urushida halok bo‘lgan 100 dan ortiq xodimlarining xotirasiga xalqaro tashkilotning binolarida, jumladan, Nyu-Yorkdagi bosh shtab-kvartirasidagi bayroqlarini tushirgandi.
LiveBarchasi