BMT Bosh kotibi Rossiyani qoraladi
Olam
−
21 iyul 2023
7889Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyaning Qora dengiz portlariga bergan zarbalarini qoraladi. Bu haqda Guterrishning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Guterrish fuqarolik infratuzilmasining yo‘q qilinishi xalqaro gumanitar huquqni buzishidan ogohlantirgan.
“Ushbu hujumlar Ukrainadan tashqariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Biz bug‘doy va makkajo‘xorining jahon narxlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqdamiz. Bu hammaga, ayniqsa, global Janub aholisining zaif qatlamlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deydi Guterrishning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik.
Ma’lumot uchun, Rossiya bir necha kundan buyon Ukraina portlariga raketa va dron hujumlarini uyushtirib kelmoqda. Shuningdek, endilikda Ukrainaga yo‘l olgan Qora dengiz suvlaridagi har qanday kema potensial harbiy yuk tashuvchisi sifatida ko‘rilmoqda.
Bunga javoban Kiyev ham Rossiya yoki Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlariga yo‘l olgan kemalarga nisbatan ham shunday choralar ko‘rilishini e’lon qildi.
Ukrainaning asosiy don eskportini amalga oshiruvchi portlariga qilingan hujumlar Rossiya don kelishuvidan chiqqanidan bir necha kun o‘tib amalga oshirildi. Bunga sabab sifatida esa joriy yil 17 iyul kuni Qrim ko‘prigining bir qismi portlatilgani ko‘rsatildi. Rossiya ko‘prikning portlatilishida Ukrainani ayblab, Odessa va Nikolayevdagi portlarga qilingan hujumni buning uchun javob, deya baholadi.
Buyuk Britaniyaning BMTdagi missiyasi kecha, 20 iyul kuni yig‘ilish o‘tkazib, unda Rossiya don kelishuvidan chiqishining ijtimoiy oqibatlarini muhokama qildi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 17 iyuldan muddati tugagan don kelishuvidan chiqqanini e’lon qildi. Shuningdek, kecha don kelishuvi bo‘yicha Istanbuldagi qo‘shma muvofiqlashtirish markazi faoliyatini yakunladi. Rossiya kelishuvning uzaytirilishi uchun o‘z talablari bajarilishi kerakligini ta’kidlamoqda. Mamlakat kelishuvga qaytmagan taqdirda muhtoj davlatlarga donni tekinga yetkazib berishini aytgandi. Biroq uning Odessadagi don portlariga qilgan hujumi vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Hujum oqibatida 60 ming tonna g‘alla yo‘q qilindi. G‘arbda esa endilikda Rossiya Qora dengizdagi har qanday fuqarolik kemasiga hujum qilishi va bunda Ukrainani aybdor qilib ko‘rsatishidan xavotirlar paydo bo‘ldi. Endilikda don kelishuvining uzaytirilishi va jahon bozoridagi narx-navoning ko‘tarilmasligi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin o‘rtasidagi muzokaralarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ikki davlat rahbarining o‘zaro uchrashuvi, Turkiya tomoniga ko‘ra, joriy yilning avgust oyida Istanbulda bo‘lib o‘tishi kerak. Rossiya esa bu haqda biror mujda bermadi.
LiveBarchasi