BMT Ahmad ash-Sharaga qarshi sanksiyalarni bekor qildi

Olam

image

BMT Xavfsizlik kengashi o‘tkazgan ovoz berishda 15 a’zodan 14 nafari, jumladan Rossiya va AQSH ham Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara va Ichki ishlar vaziri Anas Xattobga qarshi sanksiyalarni bekor qilish rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, Xitoy ushbu rezolyutsiyaga ovoz bermay, bitimga qo‘shilmagan. Rezolyutsiyada Suriya Arab Respublikasi suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va milliy birligiga to‘liq hurmat ko‘rsatishga sodiqlik ta’kidlangan.

Sanksiyalar “Al-Qoida” bilan bog‘liq xalqaro cheklovlar doirasida qo‘llanilgan edi. Britaniya, Rossiya, Fransiya va Pokiston vakillari ushbu qarorni Suriya iqtisodiy tiklanish yo‘lida muhim qadam deb atagan. Suriya hukumati esa sanksiyalarning bekor qilinishini yangi rahbariyatga nisbatan oshib borayotgan ishonch va mamlakatni xalqaro hamjamiyatga qayta integratsiya qilish imkoniyati sifatida baholagan.

Qayd etish joiz, Ahmad ash-Shara 10 noyabrda Vashingtonga tashrifini amalga oshirishi rejalashtirilgan. “Reuters” xabariga ko‘ra, tashrif BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalarni bekor qilmasa ham amalga oshirilgan bo‘lardi, chunki oldinroq kengash sanksiyalar qo‘mitasi ash-Shara va uning hukumatiga safar qilishga ruxsat bergan. 

AQSH bir necha oy davomida BMT a’zolarini Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishga chaqirgan. May oyida Tramp Vashingtonning Suriyaga nisbatan siyosatida sezilarli o‘zgarishlarni e’lon qilib, AQSH tomonidan joriy etilgan iqtisodiy cheklovlarni bekor qilishini bildirgan.

Ahmad ash-Shara 2024 yil oxirida Bashar Asadni ag‘darib, prezidentlikka kelgan. U 2003 yilda Iroqda AQSH yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaga qarshi kurashishda “Al-Qoida”ga qo‘shilgan. 2006 yilda AQSH harbiylari tomonidan hibsga olingan va 5 yil Iroq qamoqxonalarida qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing