AQSH BMTdan Ash-Sharaga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishni so‘rayapti
Olam
−
05 noyabr 2025 2636 2 daqiqa
AQSH dunyoga ta’sir ko‘rsatuvchi yangi tashabbus bilan chiqdi – u BMT Xavfsizlik Kengashiga taklif etgan loyiha rezolyutsiyasida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Sharaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ramoqda. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Ash-Shara keyingi hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashishi rejalashtirilgan.
“Reuters” agentligi qo‘liga kiritgan loyihaga ko‘ra, sanksiyalar Suriya ichki ishlar vaziri Anas Xattabga ham bekor qilinishi nazarda tutilgan. Rezolyutsiya qachon ovozga qo‘yilishi hali ma’lum emas. U qabul qilinishi uchun 15 a’zodan kamida to‘qqiztasi rozi bo‘lishi va Rossiya, Xitoy, AQSH, Fransiya yoki Britaniyadan birortasi veto qo‘ymasligi lozim.
Vashington oxirgi oylarda 15 a’zoli Kengashni Suriyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni yumshatishga chaqirib kelayotgan edi.
13 yillik fuqarolik urushi ortidan Suriya prezidenti Bashar Asad 2024 yil dekabr oyida “Hay’at Tahrir ash-Shom” (HTSH) rahbarligidagi isyonchilarning hujumi natijasida hokimiyatdan ag‘darilgandi.
Avval “Jabha an-Nusra” nomi bilan ma’lum bo‘lgan HTSH 2016 yilgacha “Al-Qoida”ning Suriyadagi bo‘linmasi edi, ammo keyin bu tashkilotdan ajralgan. 2014 yil mayidan buyon u BMT Xavfsizlik Kengashining “Al-Qoida va ISHID”ga oid sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
HTSHning bir qator yetakchi shaxslariga – jumladan uning rahbari Ahmad ash-Shara va ichki ishlar vaziri Anas Xattabga – sayohat taqiqlari, mol-mulkni muzlatish va qurol-yarog‘ embargosi kabi sanksiyalar joriy etilgan.
BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyalar qo‘mitasi bu yil Ash-Shara uchun bir necha bor sayohat imtiyozlarini bergan. Shu bois, AQSH tomonidan taklif qilingan rezolyutsiya qabul qilinmasa ham, Suriya prezidentining Oq uyga tashrif buyurishi ehtimoli yuqori.
Tramp may oyida AQSH Suriyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishini ma’lum qilgan edi – bu Vashingtonning muhim tashqi siyosat yo‘nalishidagi katta burilish sifatida baholangan.
BMTning iyul oyida e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, bu yil “Al-Qoida” bilan HTSH o‘rtasida “faol aloqalar” aniqlanmagan.