BMT 6 mlrd xayriya qilishini aytgan Maskka javob qaytardi
Olam
−
17 noyabr 2021
11638BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) global ochlikka qarshi kurash rejasini e’lon qildi va milliarderlarni xayriya qilishga chaqirdi. Bu usul bilan tashkilot Tesla asoschisi Ilon Maskga javob qaytargan.
Joriy yil oktyabr oyi oxirida WFP bosh direktori Devid Bizli Ilon Mask yoki Amazon asoschisi Jeff Bezos kabi o‘ta boy odamlar o‘z boyliklarining bir qismini xayriya qilish orqali dunyo ochligini hal qilishda yordam berishlari mumkinligini aytgandi. Bizlining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu maqsadlar uchun olti milliard dollar yoki Maskning o‘sha paytdagi boyligining atigi 2 foizi kerak edi.
Bunga javoban Tesla asoschisi kompaniyaning 6 milliard dollarlik aksiyalarini sotishga va agar tashkilot pul oziq-ovqat inqirozi muammosini hal qilishga qanday yordam berishini aniq va shaffof tushuntirsa, ularni Jahon oziq-ovqat dasturiga berishga tayyorligini bildirgandi. Shu bilan birga, Mask WFP 2020 yilda 8,4 milliard dollar yig‘ganini ta’kidlab, bu muammo nima uchun hal qilinmaganini so‘ragandi.
Jahon oziq-ovqat dasturi rejasiga ko‘ra, 43 mamlakatdagi 42 million kishi ochlikdan o‘lmasligi uchun 6,6 milliard dollar kerak. WFP Maskga javoban mablag‘ning aynan nimalarga sarflanishini tushuntirgan.
Ma’lumot o‘rnida, noyabr oyi boshida Ilon Maskning boyligi 300 milliard dollardan oshib, uni dunyodagi eng boy odamga aylantirdi. Keyinchalik Tesla aksiyalari sotilishi fonida tadbirkorning boyligi kamaydi. 16 noyabr holatiga ko‘ra, “Forbes” va “Bloomberg” uning hajmini 275,5 milliard dollar va 279 milliard dollarga baholagan. Shu bilan birga, Mask hali ham milliarderlar reytingining birinchi qatorida.
LiveBarchasi