Bloger Sattoriyning qamalishi O‘zbekistonda so‘z erkinligiga zarbadir – HRW

Jamiyat

image
Vatanparvarlar baribir yozaveradi – Allamjonov Sattoriyning qamalganiga munosabat bildirdi north_east

Vatanparvarlar baribir yozaveradi – Allamjonov Sattoriyning qamalganiga munosabat bildirdi

Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy Jinoyat kodeksining 139 va 165-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib 6,5 yilga qamalganidan xabaringiz bor

O‘zbekistonning inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova bilan suhbatda bir blogerning sal beboshlik qilib, gapirib qo‘ygani uchun qamalib ketishi O‘zbekiston imijiga dog‘ tushirishi haqida gapirgan edi

Yakunda shunday ham bo‘lmoqda. 11 may kuni “Human Rights Watch” (HRW) xalqaro tashkiloti O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda kun tartibiga chiqqan yuqoridagi vaziyatga e’tibor qaratdi va bloger Sattoriyning qamalishini mamlakatdagi so‘z erkinligiga zarba, deb baholadi

“Mahalliy hokimiyat tomonidan korrupsiya sodir etilganini tekshirgan mustaqil bloger Otabek Sattoriyni qamoqqa olish to‘g‘risidagi O‘zbekiston sudining qarori – odil sudlovning buzilishi va O‘zbekistonda so‘z erkinligiga zarba”, deyiladi HRW maqolasida.

Maqolada, 10 may kuni Surxondaryo viloyatida sud Sattoriyni tovlamachilik va tuhmatda qilishda aybdor deb topib, olti yarim yilga ozodlikdan mahrum qilgani eslab o‘tilgan.

“Rasmiylar dastlab Sattoriyni mahalliy bozor boshlig‘iga nisbatan tovlamachilik qilib, uyali telefon talab qilganlikda ayblab, shubhali jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Hibsga olinganidan so‘ng, Sattoriyning hisobotlari orqali korrupsiyaga aloqadorlikda ayblangan bir nechta shaxslarning shikoyat arizalari bilan rasmiylar blogerga nisbatan tuhmat va tovlamachilik bo‘yicha qo‘shimcha ayblovlarni ilgari surdi”, deya qayd etmoqda HRW.

Shuningdek, inson huquqlarini himoya qiluvchi ushbu xalqaro tashkilot Sattoriyning advokati Umidbek Davlatov ayblovlarni “uydirma”, deb atagani va 4 may kuni advokatning so‘nggi so‘zlarida prokuror Sattoriy tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar to‘g‘risida hech qanday ashyoviy dalillarni taqdim etmagani bo‘yicha so‘zlarini qo‘shimcha qilgan.

“O‘zbekiston rahbariyati, shu jumladan Prezident Shavkat Mirziyoyev inson huquqlariga hurmat ko‘rsatishni davom etayotgan islohotlar markaziga qo‘yish to‘g‘risida yuksak da’volar bilan chiqqandi. Ammo harakatlar so‘zlardan ko‘ra balandroq gapiradi. Noqulay blogerni qamoqqa olish bugungi kunda O‘zbekistondagi so‘z erkinligi uchun repressiv muhit haqiqatini fosh qilmoqda”, deyiladi HRW maqolasida.

HRW’ning qayd etishicha, O‘zbekistonning xalqaro sheriklari unga Sattoriyni ozod qilish bo‘yicha talab qo‘yishi hamda o‘zbek rasmiylarini so‘z erkinligini himoya qilishga chaqirishi kerak.

“O‘zbekistonning xalqaro sheriklari, shu jumladan AQSH va Yevropa Ittifoqi hamda uning Germaniya va Buyuk Britaniya kabi a’zo davlatlari Sattoriyning ozod etilishini talab qilishi va o‘zbek rasmiylarini so‘z erkinligini himoya qilishga chaqirishi kerak. Yaqinda Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga GSP+ sxemasi bo‘yicha maxsus savdo imtiyozlarini taqdim etdi va Toshkentning inson huquqlari standartlariga, shu jumladan so‘z erkinligiga rioya etilishini yaqindan ko‘rib chiqish uchun aniq imkoniyat yaratdi”, deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, shubhali jinoiy ayblovlar bilan blogerlarni nishonga olish yoki ularni uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilish so‘z erkinligiga sovuq ta’sir qiladi va O‘zbekiston hukumatining islohotlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi da’volariga putur yetkazadi.

Eslatib o‘tamiz, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) xalqaro tashkiloti ham bloger Sattoriyning qamalishi bo‘yicha munosabat bildirib, buni O‘zbekiston Hukumatining Prezident saylovlari yaqinlashayotgan bir paytda matbuotni nozik masalalarni yoritib berishdan qo‘rqitishga qaratilgan aniq harakatidir, deb baholadi.

Ma’lumot o‘rnida, bloger Otabek Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi jazolarni (qo‘shishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li orqali uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

268

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing