Bloger Otabek Ahliddinov 7 yil-u bir oyga qamaldi
Jamiyat
−
19 dekabr 2023
12064Avvalroq, tibbiyot sohasidagi faoliyati davomida pullarni noqonuniy o‘zlashtirish bilan ayblanib, sudlangan bloger Otabek Ahliddinovning qamoq muddati Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi hukmi bilan 7,1 yilga uzaytirildi. Bu haqda “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Gap shundaki, Otabek Ahliddinov Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi markaziy poliklinikaning bo‘lim rahbari lavozimida ishlagan. U 200 million so‘mdan ortiq pulni o‘zlashtirishda ayblangan va shu yilning sentyabrida qamoqqa olingan.
Dastlab u jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod tumani sudi hukmi bilan 5,1 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. So‘ng prokuraturaning protesti asosida appelyatsiya sudi ishni qayta ko‘rib, muddatni 7,1 yilga uzaytirdi.
Ma’lumot uchun, Otabek Ahliddinov O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati a’zosi edi.
U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan. Shuningdek, jamiyatga yuborilgan sud ajrimi nusxasida ayblanuvchiga 165-modda bilan ham javobgarlik belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi appelyatsiya sudlov hay’atining 13 dekabr kunidagi sud majlisida bloger Emine Karamanova (Lemara Mirzaahmedova)ga nisbatan quyi instansiya sudining 7,5 yillik qamoq jazosi o‘zgarishsiz qoldirilgandi.