Blogerga 21 mlnlik jarima, mitinglar bo‘yicha qonuniy asosi yo‘q tartib... IIV izoh berdi

Jamiyat

Yaqinda 21 mln so‘m jarimaga tortilgan farg‘onalik bloger Olijon Haydarov masalasi, shuningdek, undan avvalroq jurnalistlar Inobat Ahadova va Shohrux Haydarovning IIB binosiga chaqirtirilgani ortidan faollar Facebook ijtimoiy tarmog‘ida #fikrpolitsiyasi chellenjini ommalashtirdi. Unda faollar ko‘rsatkich barmog‘ini labi ustiga qo‘yib, mamlakatdagi so‘z erkinligiga nisbatan munosabatini suratlar orqali bildirmoqda. 


Kecha, 15 dekabyur kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IIV mas’ullari bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazirlik Matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bloger Haydarovning jarimaga tortilishi va yana bir qator masalalar yuzasidan izoh berdi.

“Joriy yilning 6 dekabr kuni Olimjon Haydarovning Telegram kanalida Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Sho‘rsuv shaharchasida “Albus” degan zavod ishchilarining noroziligi aks etgan videoxabar joylangan.

IIB xodimlari fuqarolarning noroziligi bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib borgan. U shuni ko‘rsatdiki, video izohida yozilgan “Albus” zavodining 10 mingdan oshiq ishchilari ishsiz qolayotgani, u yerda amaldorlarga tegishli bo‘lgan boshqa bir zavodning gazdan uzilmagani haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Vazirlar Mahkamasining tegishli bayonnomasi bilan o‘sha Sho‘rchi shaharchasidagi barcha ishlab chiqarish korxonalari sovuq havo tufayli aholiga tabiiy gaz yetib borishi uchun iste’moldan uzib qo‘yilgan va alternativ yoqilg‘i, ya’ni ko‘mirga o‘tkazilgan. Aynan o‘sha “Albus” korxonasi ko‘mirga o‘tmagan. Shu yilning 27 noyabr kuni ko‘mirga o‘tkazilishi uchun muhrlangan. Lekin korxona ko‘mirga o‘tmagan va muhrni buzib, yana qaytadan gazga ulangan. Bu holat 29 noyabr kuni tekshiruv jarayoni orqali ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, rahbariyatiga ta’sir choralari ko‘rilgan”, deya voqea tafsilotlari bilan bo‘lishdi G‘iyosov. 

Shuningdek, vazirlik mas’ulining ma’lum qilishicha, korxona rahbari o‘zining tanishi Olimjon Haydarovga murojaat qilgan hamda gazni yoqish masalasida yordam so‘ragan. Shundan so‘ng, "Haydarov ishchilarni yig‘ib, ular bilan suhbat o‘tkazib, “endi gaz yonmaydi”, “korxona yopiladi” degan gaplar bilan aldab, ularga qanday gapirish , qanday qilib agressivlikni ko‘rsatish kerakligini o‘rgatgan".

“4-6 dekabr kunlari ishchilar o‘zlarini videotasvirga olib Olimjon Haydarovga jo‘natishgan. Bu holat bir necha dubl bo‘lgan. Lekin blogerga bu videotasvir yoqmagan va yana boshqatdan videoga olishni topshirgan. Ishchilar videotasvirga qaytadan olib, Olimjon Haydarovga berganidan so‘ng, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan gaplar bilan o‘z sahifasiga joylagan.
Albatta, bunga chora ko‘rilgan. Shu zavodning ish yurituvchisi va yana olti nafar shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasi va 201-moddalari bilan aybli deb topilib, bir nafariga o‘n sutka, olti nafariga esa besh sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan”, dedi IIV axborot xizmati rahbari.

Uning ta’kidlashicha, bloger Olimjon Haydarovning ustidan aynan o‘sha zavod ishchilarining o‘zi arz qilgan. Biroq, blogerning o‘zi Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida zavod ishchilariga majburan ariza yozdirilganini yozib qoldirgan.

“Surishtiruv jarayonida shu zavod ishchilarining to‘rt nafari o‘zlariga huquqbuzarlikni sodir etishni o‘rgatgani uchun Olimjon Haydarovga chora ko‘rishini so‘rab ariza bilan murojaat qilgan. Shundan so‘ng holat o‘rganib chiqildi va Olimjon Haydarovning xatti-harakatlari huquqiy baholanib, u 13 dekabr kuni MJtK 201-moddasi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) 1-qismi va 202-2-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) 2-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik harakatlarini sodir etganilikda ayblanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravari (21 000 000 so‘m) miqdorida jarima solindi”

Biroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev hamda advokat Abdumalik Abdullayevning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda “yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibi”ning o‘zi yo‘q.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ayni shu haqidagi jurnalistlar savoliga quyidagicha javob qaytardi:

“Endilikda ushbu qonun loyihasi qaytadan ko‘rib chiqiladi va tez kunlarda jamoatchilikka taqdim qilinadi.”

Jurnalistning hali qabul qilinmay turib, qanqay qilib fuqaro javobgarlikka tortilgani haqidagi qo‘shimcha savoliga esa "umumiy ma’noda davlat va jamoat tartibini saqlashga qaratilgan normalarning yig‘indisini buzganlikda ayblanib, javobgarlikka tortilishi mumkinligi" bilan javob qaytardi.

“Ushbu normalar quyidagilar:

  • Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari namoyishlarni uyushtirish tartibi bo‘yicha;
  • O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasi;
  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 201 va 202 moddalari;
  • Jinoyat Kodeksining 2017 moddasi;
  • Ommaviy tadbirlarni tartibga soluvchi Vazirlar Mahkamasining 2014 yildagi 205-son qarori;

Davlat va jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan 100 dan ortiq normativ hujjatlarda nazarda tutilgan va jamoatchilik uchun umummajburiy bo‘lgan qoidalar majmui tushuniladi.

Hozir shu tartib-qoidalarni umumiylashtirib, Hukumat tomonidan alohida qonun ishlab chiqilgan va bu tez kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi”, deya qo‘shimcha qildi Shohrux G‘iyosov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

89

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing