Blinkenning Isroil va Iordaniyaga borishi tasdiqlandi
Olam
−
02 noyabr 2023
2831AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ertaga, 3 noyabr kuni Isroil va Iordaniyaga tashrif buyuradi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Metyu Miller brifingda ma’lum qildi.
“Kotib Blinken juma kuni Isroil va Iordaniyaga tashrif buyuradi. U [Isroil Bosh vaziri Benyamin] Netanyaxu va boshqa Isroil hukumati rahbarlari bilan uchrashib, ularning harbiy maqsadlari va bu maqsadlarga erishish rejalari haqida ma’lumot oladi”, deydi Miller.
Blinken tashrif davomida tinch aholiga zarar yetkazmaslik choralarini muhokama qiladi.
“U xalqaro gumanitar qonunlarga muvofiq Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor tasdiqlaydi va tinch aholi qurbonlarini minimallashtirish uchun barcha zarur ehtiyot choralarini, shuningdek, insonparvarlik yordamini yetkazish bo‘yicha harakatlarimizni muhokama qiladi”, deydi Davlat departamenti vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Iordaniyadagi uchrashuvlar chog‘ida AQSH tashqi siyosati rahbari tinch aholi xavfsizligini ta’minlash muhimligini, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarning G‘azo sektori aholisiga hayot uchun muhim insonparvarlik yordami yetkazilishini oshirishga ko‘maklashish majburiyatini ta’kidlaydi.
Miller Blinkenning Turkiyaga bo‘lajak safarini hozircha tasdiqlay olmasligini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharq bo‘ylab safarini Isroildan boshlab, Iordaniya, Qatar, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misrga ham borgan va shu davlatlarning rasmiylari bilan Isroil-Falastin masalasini muhokama qilgandi. Arab davlatlariga qilgan safaridan so‘ng, Entoni Blinken 16 oktyabr kuni Isroilga qaytib borgan.
“Hozircha men qo‘shimcha sayohatni tasdiqlay olmayman”, deydi diplomat.
Avvalroq davlat kotibi 5 noyabr kuni Anqaraga tashrif buyurishi haqida gaplar chiqqandi.