Blinken Ukrainaga qo‘shimcha 2 mlrd dollar ajratilishini e’lon qildi
Olam
−
15 may
3726Qo‘shma Shtatlar yangi mudofaa sanoati jamg‘armasi orqali Ukrainaga qo‘shimcha 2 milliard dollar harbiy mablag‘ ajratmoqchi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Qo‘shimcha qilmoqchimanki, biz [Ukrainaga] yangi mudofaa sanoati fondi orqali qo‘shimcha 2 milliard dollar ajratamiz”, degan u.
Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, jamg‘arma mablag‘lari uch qismga bo‘linadi: birinchisi Kiyevni “imkon qadar tezroq” qurol-yarog‘ bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi, ikkinchisi Ukraina harbiy-sanoat majmuasini tiklash va modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi, uchinchisi boshqa mamlakatlardan harbiy texnika sotib olish uchun ishlatiladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSHning Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi jamg‘armasi Kiyevning boshqa mamlakatlardan qurol sotib olishini ham, Ukrainaning o‘zida harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirishni ham ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun, Bayden avvalroq Kiyevga 400 million dollar miqdorida harbiy yordam yuborishni buyurgan edi. Umuman olganda, Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Bayden prezidentligining boshidan beri Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga xavfsizlikni ta’minlash uchun 51,3 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ (shu jumladan, Rossiya bosqini boshlanganidan beri 50,6 mlrd dollar) ajratgan.
Aprel oyi oxirida Bayden Kongress tomonidan Ukraina, Isroil va Tayvanga qurol yetkazib berishni qayta tiklash bo‘yicha ma’qullangan qonun loyihalari paketini imzoladi. Paket hajmi 95 milliard dollarni tashkil etdi, u Ukraina uchun 61 milliard dollarni o‘z ichiga oladi. Davlat rahbari ushbu qonun loyihalarini imzolaganidan so‘ng Pentagon Ukrainaga 1 milliard dollarlik qurol-yarog‘ va texnika jo‘natayotganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Davlat departamenti Ukrainaga uchta HIMARS qurilmasini zudlik bilan sotishga ruxsat bergandi. “Bloomberg” esa manbalariga tayanib, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga yana bir Patriot havo mudofaa tizimini yuborishi mumkinligini yozdi.
LiveBarchasi