Blinken “qora shahzoda” bilan uchrashdi
Olam
−
16 Oktabr 2023
9689Kecha, 15 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ar-Riyodda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenni qabul qildi. Bu haqda Saudiya Arabistoni rasmiy axborot agentligi SPA xabar berdi.
Qayd etilishicha, bin Salmon Blinken bilan uchrashuvda Isroilning G‘azo sektorida tinch aholiga qarshi hujumlarini qoralab, xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilishga chaqirgan.
Valiahd shahzoda Saudiya Arabistoni Isroilning G‘azo sektoridagi tinch aholi va infratuzilma ob’ektlariga hujumlarini qoralashini aytgan. U begunoh odamlarning o‘limiga sabab bo‘layotgan harbiy amaliyotlarni to‘xtatish muhimligini ta’kidlagan.
“Xalqaro insonparvarlik qonunlariga, jumladan, taranglikni yumshatish va G‘azoga qo‘yilgan blokadani olib tashlashga rioya qilish kerak”, degan bin Salmon mamlakatining taranglikni kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlariga ishora qilib.
Uning aytishicha, qirollik Falastin xalqining qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqarish, zudlik bilan va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun barqarorlik va tinchlik jarayonini tiklashga harakat qilmoqda.
AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Millerning bildirishicha, kotib Blinken AQSHning HAMAS terrorchilik hujumlarini to‘xtatish, barcha garovga olinganlarning ozod etilishini ta’minlash va mojaro tarqalishining oldini olishga qat’iy e’tibor qaratayotganini ta’kidlagan.
AQSH Davlat kotibining o‘zi bin Salmon bilan uchrashuvni “juda samarali” o‘tganini aytgan.
AQSH rasmiysiga ko‘ra, valiahd shahzodaning shaxsiy fermasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv bir soatdan kamroq davom etgan.
Ayrim manbalarga ko‘ra, Blinken bin Salmon bilan bir kun oldin uchrashishi kerak bo‘lgan. Biroq valiahd shahzoda AQSH Davlat kotibini ko‘proq kuttirishni afzal ko‘rgan.
Qayd etish joizki, Entoni Blinken G‘azoda vaziyat jiddiylashgach, 12 oktyabr kuni Isroilga yetib borgan va uyerda Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, Prezident Isaak Gersog bilan uchrashgan va vaziyatni muhokama qilgan. Shundan so‘ng, u Iordaniyada Qirol Abdulla II bilan, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan, Dohada Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy bilan uchrashib vaziyatni muhokama qildi. Shuningdek, u Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misrda ham bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, arab davlatlariga qilgan safaridan so‘ng, Entoni Blinken bugun, 16 oktyabr kuni kelgusi rejalar haqida gaplashish uchun Isroilga qaytadi.
Eslatib o‘tamiz, G‘azoda vaziyat taranglashuvi fonida Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon ham mintaqa bo‘ylab safar qilishni boshlagan edi. U Iroqda Bosh vazir Muhammad al-Sudaniy bilan, Livanda “Hizbulloh” yetakchisi Shayx Hasan Nasrulloh bilan uchrashdi. Abdullohiyon Eron Isroilga qarshi yangi front ochishi mumkinligini aytdi. Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy esa Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqotda Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro hududidagi vaziyatni muhokama qildi.
LiveBarchasi