Blinken Falastin rahbari Abbos bilan uchrashmoqchi
Olam
−
13 Oktabr 2023
6740AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Iordaniya qiroli Abdulloh II va Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashmoqchi ekanligini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng u Yaqin Sharqdagi bir qator muhim mamlakatlarga tashrif buyuradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tashriflar garovga olingan isroilliklarni ozod qilish uchun G‘azo sektorida hukmronlik qilayotgan HAMAS harakatiga bosim o‘tkazish uchun amalga oshiriladi.
"Isroildan Iordaniyaga yo‘l olaman, u yerda Qirol Abdulloh va Falastin ma’muriyati rahbari Abbos bilan uchrashaman. Yaqin kunlarda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr va Qatar rahbarlari bilan uchrashamiz", dedi Blinken Tel-Avivda o‘tgan matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bu mamlakatlarni G‘azo sektori atrofidagi mojaroning kengayishiga yo‘l qo‘ymaslikka ishontiradi va "garovga olinganlarni zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilish" uchun HAMASga ta’sir o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, 12 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga yetib borgan edi. Aytilishicha, mazkur tashrif Vashingtonning Isroil bilan birdamligini namoyish etish uchun mo‘ljallangan Yaqin Sharq safarining bir qismi hisoblanmoqda.
U Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z olar ekan, Isroilga boshqa davlatlar yoki terrorchilar tomonidan hujum qilingan taqdirda, AQSH Isroilni himoya qilishini aytib o‘tdi.