Blinken Armaniston AQSH uchun muhimligini va uni qo‘llashini aytdi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Armanistonni 21 sentyabr – Mustaqillik kuni bilan tabriklab, Vashington arman xalqining demokratik intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini ta’kidladi. Tabrik matni Davlat departamenti saytida e’lon qilindi. 

Blinken Armanistonni Mustaqillik kuni bilan tabriklar ekan, AQSH va Armaniston umumiy qadriyatlarga ega ekanligini va Vashington Yerevan bilan hamkorligidan faxrlanishini aytdi. 

“Armaniston 1991 yilda Sovet Ittifoqidan mustaqilligini e’lon qilganidan so‘ng erkinlik va o‘z taqdirini o‘zi belgilash yo‘liga o‘tdi. O‘shandan beri biz sizning demokratik qadriyatlarga, inson huquqlarini rivojlantirish va mustahkamlashga, barcha armanlar uchun qonun ustuvorligini, iqtisodiyot va adolatni ta’minlashga sodiqligingizni ko‘rdik. Bu qadriyatlar bizning qadriyatlarimizga mos keladi va biz bu sohalarda Armaniston bilan hamkorlik qilishdan faxrlanamiz”, deydi Blinken.  

U, Qo‘shma Shtatlar arman xalqining demokratik intilishlarini, suvereniteti va xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi. 

“Qo‘shma Shtatlar Armaniston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi va Janubiy Kavkaz mintaqasida barcha insonlar huquqlarini hurmat qiladigan mustahkam va munosib tinchlik o‘rnatish tarafdori bo‘lib qoladi”, deydi Davlat kotibi bayonotida.  

U ikki tomonlama munosabatlar va iqtisodiy aloqalar yanada rivojlanishiga umid qilishini bildirgan. 

“Kelgusi yilda arman xalqiga farovonlik va tinchlik tilayman”, deydi Blinken tabrik so‘ngida. 

Ma’lumot uchun, 1990 yil 23 avgustda Oliy Kengash Armanistonning Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qildi, unga ko‘ra Armaniston SSR tugatildi va mustaqil Armaniston Respublikasi tashkil etildi. 1991 yil 21 sentyabrda bo‘lib o‘tgan referendumda aholining ko‘pchiligi Armanistonning SSSRdan chiqishini qo‘llab-quvvatladi. 1991 yil noyabrda Levon Ter -Petrosyan Armanistonning birinchi prezidenti etib saylandi. 1991 yil 21 dekabrda Armaniston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo bo‘ldi. 

Ilgari, 1918 yil 28 mayda Birinchi Armaniston Respublikasining mustaqilligi e’lon qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Armaniston Entoni Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing