AQSH Ukrainani Rossiyaga zarba berishdan tiyib turibdi – Blinken

Olam

image

AQSH rasmiylari Kiyevni Rossiya Federatsiyasi hududiga zarba berishga undamaydi, biroq ular Ukrainaga o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan harbiy yordamni ko‘rsatishda davom etish niyatida. Bu haqda kecha, 6 dekabr kuni Davlat kotibi Entoni Blinken Vashingtonda bo‘lib o‘tgan “ikki plyus ikki” formatidagi AQSH-Avstraliya muzokaralari yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

“Biz ukrainaliklarni Rossiya hududiga zarba berishga undamaymiz va ularga [zarba berish] imkoniyatini bermaymiz. Ammo ukrainaliklar Rossiyaning o‘z mamlakatlariga qarshi davom etayotgan tajovuzi oldida har kuni nimani boshdan kechirayotganini tushunish muhimdir. Butun dunyodagi hamkorlarimiz bilan birgalikda biz ularning o‘zlarini, hududi va erkinligini himoya qilish uchun zarur jihozlarga ega bo‘lishini ta’minlashga qaror qildik”, deydi u. 

Ma’lumki, 5 dekabr kuni Ryazan viloyatidagi “Dyagilevo” va Saratov viloyatidagi “Engels” harbiy aerodromlariga hujum qilingan, texnik xodimlarning uch nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan. Rasmiy Moskvaning fikricha, ushbu hujum Ukrainaning uchuvchisiz havo vositalari orqali amalga oshirilgan. Blinken ushbu holatga munosabat bildirib, shunday deydi: 

“Albatta, biz bu zarbalar haqidagi xabarlarni ko‘rdik, biroq menda batafsil ma’lumot yo‘q”.

Blinken, shuningdek, Vashingtonning Ukraina bo‘yicha hozirgi kursiga ikki partiyaviy yordam susayib borayotganini ko‘rmaganini aytdi. 

“Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarimizning o‘ziga xos jihati bu ikki partiyaning kuchli qo‘llab-quvvatlashidir. Men buning tugashini ko‘rmayapman”, deydi u. 

Shu bilan birga, Davlat kotibining ta’kidlashicha, Vashington o‘z siyosatini jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida qurmaydi.  

“Biz Qo‘shma Shtatlar manfaatlariga asoslangan siyosat qurmoqdamiz”, deb ta’kidladi u va bu manfaatlar, uning fikricha, Ukrainaga keyingi yordam bilan mos kelishini qo‘shimcha qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Entoni Blinken Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

169

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing