Tashvishlantirayotgan masala – mablag‘ning to‘g‘ri ishlatilishi – Umrzoqov

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2021 yil avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun qariyb 800 million dollar ajratilishi rejalashtirilyapti. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov OAV vakillari bilan muloqot vaqtida aytib o‘tdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi nafaqat xalqaro, balki barcha 4 toifadagi yo‘llar, kichik va ichki yo‘llar ham abgor ahvolda qolmoqda. Bu odamlar hayotiga, investorlar va tashqi savdoga ham bevosita ta’sir qiladi.

“Bu borada juda ko‘p o‘rganishlar olib borilgan. Investorlarning qaroriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladigan bir nechta omillar bor, yo‘llarni sifati bu omillarning birinchi o‘ntaligiga kiradi. Chunki yo‘l juda katta va muhim omil hisoblanadi. Bu masalada qiladigan ishlarimiz juda ko‘p, tizimliroq muammolarimiz bor”, deydi vazir Umrzoqov.

U bugungi kunda mamlakatdagi yo‘llarning asosiy qismi byudjet va tashqi qarz mablag‘lari hisobiga ta’mirlanayotganini ta’kidladi, ammo bundan jiddiy masala ham bor. Bu – ajratilgan mablag‘larning to‘g‘ri sarflanishi.

“Tan olish kerak juda ham ko‘p yo‘llarimiz davlat byudjeti hisobiga ta’mirlanadi, yana ham ko‘proq qismi tashqi qarz xisobiga moliyalashtiriladi. 2021 yilda 798 million dollarlik ishlar reja qilingan. Bu mablag‘ning manbasi bor, lekin bizni tashvishga solayotgan masala – bu mablag‘ning qanchalik to‘g‘ri ishlatilishi. Pul sarflanishi qanchalik shaffof, qanchalik tejamkor va sifatli bo‘ladi hamda tabiiyki, muddat nuqtai nazaridan e’tibor beriladimi? O‘zbekistonda qilinadigan ishning tan narxini oladigan bo‘lsak, bu yil mustaqillikning 30 yilligi nishonlanadi, lekin bu davrda xalqaro tendrlarda qatnashib, xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarni ta’mirlash yoki rekonstruksiya qilish salohiyatiga ega bo‘lgan qurilish kompaniyalari shakllandimi, yo‘qmi, degan savolga javob berishimiz mumkin.

Ochiq aytishim kerak, bu soxada noxush holatlarga yo‘l qo‘yilgan. Prezidentning alohida qarori bilan 1 yanvardan boshlab yangi tizim yaratilyapti. Imkon qadar tejamkorlik, shaffoflik va sifatni ta’minlash uchun ishlar olib borilmoqda. Hozir Vazirlar Mahmamasining loyihasi yakuniy pallada. Yangi agentlik tuzilyapti. U agentlik yangi shtat birliklari hisobiga emas, mavjud davlat tizimlardagi shtat birliklarini maqbulashtirish orqali tuzilmoqda. Agentlik xalqaro tashkilotlardan jalb qilingan mablag‘lar, shu jumladan yo‘l qurilishiga jalb qilingan mablag‘larni ishlatilishdagi shaffoflikni, iqtisodiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq ekanligi va tejamkor ekanini ta’minlash uchun tuziladi”, deydi Umrzoqov.

Bosh vazir o‘rinbosari mamlakatda yo‘llarga birinchi mas’ul tashkilot Transport vazirligi ekanini eslatib, dasturlar mazkur idora tomonidan tayyorlanishini aytib o‘tdi. U o‘zi rahbarlik qilayotgan vazirlik mablag‘ jalb qilishga javobgar bo‘ladi.

“Yo‘llarga birinchi navbatda mas’ul vazirlik bu Transport vazirligi hisoblanadi, ular tomonidan dastur shakllantiriladi, biz tomonimizdan esa mablag‘lar jalb qilinadi. Yana bir jihatini misol tariqasida aytib bermoqchiman. Xorazmda ishladik, tarixda birinchi martta ichki yo‘llarda mahallalar aholisining fikrini inobatga olgan holda, 2021 yil dasturini quyidan shakllantirdik. Bir mahallani qaysi yo‘lini tamirlash kerak bo‘lsa, aynan o‘sha mahalla ahli aytadi. Bundan tashqari, yana shu mahallada istiqomat qiladiganlardan bir nafarini o‘z xohishiga qarab pudratchi tashkilotlarga ham biriktiriladi va birga ishlashadi. Kechirasiz-ku, o‘z ko‘chasini ta’mirlaydigan odam o‘g‘irlik qilmaydi, chunki ko‘chaning ta’miri uning farzandi, ota-onasi uchun bo‘ladi. Shu sababli pastga tushib, real holatlarni ko‘rib, dasturlarni shakllantiradigan bo‘lsak, buning samarasi bo‘ladi”, deydi Sardor Umrzoqov.


Maqola muallifi

Teglar

Sardor Umrzoqov

Baholaganlar

60

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing