“Bizni qul qilib sotganmisiz”, deb shikoyat qilganlar bo‘yicha Senat ma’lumot berdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Ijtimoiy tarmoqlarda “Bizni qul qilib sotib yuborganmisizlar?” sarlavhasi ostida e’lon qilingan videomurojaat keng muhokamalarga sabab bo‘layotgani haqida xabar bergandik.

Shundan so‘ng, mazkur videomurojaat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi munosabat bildirib, vaziyat nazoratga olingani hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ushbu holat yuzasidan tushuntirish berilishi bo‘yicha so‘rov yuborgani ma’lum qilingandi

Senat o‘rganish natijalari hamda olingan ma’lumotlarga ko‘ra, quyidagilarni ma’lum qildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiyaning Karachayevo-Cherkesiya Respublikasidagi “Yujniy Agrokombinat” AJ o‘rtasida 2021 yil 14 iyun kuni kelishuv shartnomasi imzolangan. Shartnoma shartlariga muvofiq, 400 nafar fuqarolar qishloq xo‘jaligi sohasida ishlashi uchun ish beruvchi tomonidan tanlab olinishi, ishga jalb qilinishi va ularing oylik maoshlari 33 ming rubldan 50 ming rublgacha tashkil etishi belgilangan.

Fuqarolarning aviachipta va hujjatlarni rasmiylashtirish (patent) xarajatlari ish beruvchi hisobidan to‘langan, ushbu xarajatlar keyinchalik fuqarolarning oylik maoshlaridan qisman ushlab qolinishi, fuqarolar 1 yil ishlasa, ushlab qolingan xarajatlar ish beruvchi tomonidan to‘liq qoplab berilishiga kelishilgan.

Joriy yilning 16 iyun kuni ish beruvchi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Andijon viloyati filiali tomonidan tanlov o‘tkazilib, 150 nafar fuqaro keyinroq, 23 iyun kuni 63 nafari, 29 iyun kuni 22 nafari, 4 iyul kuni 16 nafari va 5 iyul kuni 42 nafari “Yujniy Agrokombinat” AJga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilgan.

Fuqarolar ish joyiga yetib borganidan so‘ng, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga telefon orqali mehnat va yashash sharoitlari noqulayligi hamda pasport hujjatlari ish beruvchi tomonidan olib qo‘yilganligi to‘g‘risida bir qator murojaatlar kelib tushgan.

Shu sababli, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosari boshchiligida Ishchi guruh tuzilib, joriy yilning 14 iyul kuni Rossiya Federatsiyasiga uchib borgan va mazkur korxonada bo‘lgan. Ishchi guruh korxona rahbariyati va fuqarolar bilan uchrashib, ularning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha muzokara olib borgan.

Qayd etilishicha, ish beruvchi fuqarolarning pasportlari migratsion qaydga qo‘yish va ishlash uchun patent rasmiylashtirish maqsadida olinganligi hamda fuqarolarning birinchi talabi bilan qaytarib berilishi ma’lum qilingan.

Korxona rahbari o‘zbekistonlik ishchilar bilan mehnat munosabatlarini qonunga muvofiq rasmiylashtirishi, barcha sharoitlarni yaratib berishi hamda bugungi kunda yana 500 nafar qo‘shimcha ishchi kuchi jalb qilish rejasi borligini ma’lum qilgan.

Hozirgi kunda mazkur korxonada 155 nafar O‘zbekiston fuqarolari mehnat faoliyatini amalga oshirayotganligi, shundan 46 nafari 2019 yildan buyon Samarqand viloyatidan kelib ishlayotganliklari va 109 nafari Andijon viloyatidan joriy yil iyul oyida kelganligi ma’lum qilingan.

Ishchi guruh korxona rahbariyati bilan O‘zbekiston fuqarolarining yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lab berish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv dalolatnomasini rasmiylashtirgan.

Korxonada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ushbu kelishuvning mazmun-mohiyati, oylik maoshlarini to‘lash tartibi, ish vaqti va hujjatlar rasmiylashtirish jarayonlari tushuntirilgan. Jumladan, fuqarolar videomurojaatida aytib o‘tilgan 125-130 rubl miqdoridagi maosh bir kunlik emas, balki bir soatlik ish haqi ekanligi ma’lum qilingan.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan videomurojaat bir soatga to‘lanadigan ish haqi bir kunga beriladi deb, noto‘g‘ri tushunish oqibatida joriy yilning 15 iyul kuni, ya’ni murojaat yozgan fuqarolar ish boshlagan birinchi kunida olinganligi ma’lum bo‘lgan.

Bugungi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uning Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi tomonidan ushbu korxonada faoliyat olib borayotgan fuqarolar bilan muntazam ravishda aloqa o‘rnatilib, ularning yashash va ishlash sharoitlari doimiy nazoratga olingan, 2021 yil 29 iyul kuni korxonaga takroran ishchi guruh xizmat safariga yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

180

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing