Davlat tomonidan Rossiyaga ishlashga yuborilgan 41 o‘zbekistonlik shikoyat bilan chiqdi
Jamiyat
−
24 iyul 2021
9651Ijtimoiy tarmoqlarda “Bizni qul qilib sotib yuborganmisizlar?” sarlavhasi ostida e’lon qilingan videomurojaat keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
O‘sha murojaatda aytilishicha, 41 nafar O‘zbekiston fuqarosi Tashqi Mehnat migratsiyasi agenligi Andijon filiali orqali Rossiya Federatsiyasiga ishga jo‘natilgan, biroq u yerda yetarli shart-sharoit yaratilmagan, va’da qilingan maosh to‘lanmagan.
“Yotog‘imizni pulga yozyapti, hozir bo‘ynimizda qarzimiz ham bor. Bizni yo sotib yuborganmisizlar, nima qilgansizlar, biz tushunmayapmiz. Xohlagan pulini berib ishlatyapti. Kim yechadi bu masalani?”, deydi murojaatchilardan biri.
Videolavhada aks etgan o‘zbekistonliklarning ta’kidlashicha, ish sharoiti og‘ir.
“Ish og‘ir. Makaron qaynatib beryapti, indamay yeb chiqib ketyapmiz. Va’da qilingan oylikni kim beradi?”, deydi murojaatchilar.
Mazkur videomurojaat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi munosabat bildirib, vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda Senatining Matbuot xizmatida xabar berildi.
Senat xabariga ko‘ra, qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ushbu holat yuzasidan tushuntirish berilishi bo‘yicha so‘rov yuborilgan.
LiveBarchasi