Bizga uzviy bog‘langan energetika tizimi kerak – Prezident
Jamiyat
−
14:52 536 2 daqiqa
O‘zbekiston uchun alohida-alohida elektr stansiyalari emas, uzviy bog‘langan energetika tizimi kerak. Bu haqda bugun, 16 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqotda so‘z ochdi.
Davlat rahbari energetikani taraqqiyotning yuragi deb atab, barqaror energiya ta’minoti tadbirkorlar sarmoyasi va odamlarning ertangi kunga ishonchi uchun muhimligini ta’kidlagan.
O‘n yil avval sohadagi muammolarni hal qilish, eskirgan quvvatlarni yangilash va o‘sib borayotgan talabni qoplash vazifalari belgilab olingan edi. Buning uchun energetika bozori xususiy sarmoyaga ochildi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etilgan. O‘tgan davrda sohaga 35 milliard dollar investitsiya kiritilgan, hamkor davlatlar soni 2-3 tadan 10 tadan ortiqqa yetgan.
Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 31 foizga ko‘tarilgan. “Yashil” quvvatlar 11,1 gigavattni tashkil etmoqda. Aholi jon boshiga elektr energiyasi ishlab chiqarish 28 foizga oshib, 2 ming 300 kilovatt-soatga yetgan.
Bugun umumiy qiymati 4 milliard 700 million dollarlik 6 ta yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolangan. Ular doirasida 3 ming megavatt generatsiya va 400 megavatt energiya saqlash quvvati yaratiladi.
Davlat rahbari o‘tgan yillarda energetika loyihalarini tayyorlash va investorlar bilan ishlash bo‘yicha katta tajriba to‘planganini qayd etgan. Endi hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tiladi: har bir investitsiya yangi quvvat yaratish bilan birga ta’minot ishonchliligini oshirishi va yo‘qotishlarni kamaytirishi kerak.
2030 yilgacha 22 ming megavatt yangi quvvat yaratish maqsad qilingan. Natijada elektr energiyasi ishlab chiqarishning yillik hajmi 129 milliard kilovatt-soatdan oshadi, qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetadi.
Yaqinda imzolangan farmon bilan yoqilg‘i-energetika sohasida davlat va biznesning vazifalari aniq ajratilgan. Yangi bosqichda loyihalar ochiq raqobat, shaffof qoidalar va kelishilgan shartlarning izchil bajarilishi asosida amalga oshiriladi.
Ilk bosqichda “yashil” quvvatlarni tez yaratish uchun loyihalar ko‘pincha investorlar taklif qilgan hududlarda joylashtirilgan. Bu ko‘plab sarmoya jalb etish imkonini bergan. Biroq ayrim joylarda quvvatlar to‘planib, elektrni boshqa hududlarga yetkazish xarajatlari oshgan.
“Bizga alohida-alohida elektr stansiyalari emas, uzviy bog‘langan energetika tizimi kerak, deydi Prezident.
Endi qaysi hududda qanday quvvat zarurligi oldindan rejalashtirilib, tayyor loyihalar ochiq tanlovga chiqariladi.
Tanlovga qo‘yiladigan har bir loyiha bo‘yicha yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va muddati, elektrni xarid qilish hamda to‘lov shartlari avvaldan e’lon qilinadi. Barcha investorlar uchun talablar teng bo‘ladi, to‘lov intizomi va xatarlarni kamaytirish mexanizmlari mustahkamlanadi.
Yaqinda umumiy quvvati 2 ming 200 megavatt bo‘lgan 6 ta quyosh va shamol stansiyasining loyihasi ochiq tanlovga chiqariladi. Davlat rahbari investorlarni ularda ishtirok etishga taklif qilgan.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr
Sergelidagi masjidga o‘t ketdi
03 Oktyabr