Prezident Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarga ishonmaydimi? (video)
Jamiyat
−
19 Sentabr 2019
7327O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugungi islohotlar, o‘zgarishlar jarayonida Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va boshqa mutasaddilarga ishlarni ishonib topshira olmayapti. Shu bois videoselektor yig‘ilishlarini o‘zi bosh bo‘lib o‘tkazmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qildi.
U so‘zi avvalida kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishini yodga oldi. Unda Prezident Toshkent shahriga jiddiy e’tirozlar bildirganini aytdi.
“Kuni kecha davlat rahbarimiz sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdilar. Ana shu yig‘ilishda hamma qatorida Toshkent shahriga juda jiddiy e’tiroz bildirdilar. Chunki bu masalalarni hal qilishga, tadbirkorlikni rivojlantirishga bu yerda yashayotgan insonlarning bilimi ham, salohiyati ham yetadi. Shuning uchun ham juda yirik tadbirkorni sizlarga yetakchi qilib, hokim sifatida olib keldilar”, deydi Norboyeva.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘laroq faoliyat boshlagan ilk davrlardanoq odamlarning e’tiborini tortgan bir narsa borki, u ham bo‘lsa davlat rahbari rahbarligidagi tanqidiy-tahliliy videoselektor yig‘ilishlari. Prezident hech bir soha yo‘qki, uni chuqur o‘rganib chiqmasa, tahlil qilmasa. Eng muhimi jihati yana bir narsada ko‘rinadi. Bu ham bo‘lsa berilgan topshiriqlarni shunchaki tashlab qo‘ymay, ma’lum muddat o‘tgach ijrosini nazorat qilish, hisob so‘rash. Xo‘sh, nega Prezident videoselektorlarni o‘zi o‘tkazadi? Har bir sohani o‘zi tahlil qiladi? Qolganlar-chi? Tanzila Norboyeva yig‘ilishda bunga aniqlik kiritib o‘tdi.
“Davlatimiz rahbari oxirgi vaqtlarda tadbirkorlik masalasining o‘zida 3-4 marta yig‘ilish o‘tkazdilar. Nima uchun? Bilasiz, davlat rahbarining qiladigan ishlari juda ko‘p. Xalqaro miqyosida hal bo‘ladigan qanchadan-qancha masalalar turibdi. Hal qilyaptilar. Lekin biz ularga utma-ust u hududning muammosi, bu hududning muammosi, qaysidir tarmoq orqada qolyapti yoki maktabgacha ta’lim, yo maktab ta’limidagi muammolarni aytaversak... Bitta davlat rahbari zimmasiga shu masalalarning hammasini tashlab qo‘yish og‘ir emasmi? ”
Mana shu selektor majlislarini ham noilojlikdan, bosh yo‘l yo‘qligidan o‘zim o‘tkazyapman, deyaptilar. Demak, bizga unchalik ishonch yo‘q. Hukumat, vazir, shu masalaga mas’ul bo‘lgan bosh vazir o‘rinbosarlariga unchalik ishonmayaptilarki, o‘zlari bosh-qosh bo‘lib o‘tkazyaptilar.
Ko‘rasizlar, eshitasizlar: tahlil shu qadar raqamli bo‘lyaptiki, har bir hududning ichiga kirib, nima qilish mumkinligi, qayerda qanday kamchilik borligini juda chuqur tahlil qilib beryaptilar va bizdan javob kutyaptilar”.