Bizdan yon berishimizni kutishmasin – Erdo‘g‘an

Olam

image
0:00
0:00
download

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqara Shvetsiya va Finlyandiya terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaguncha NATO a’zoligini qo‘llab-quvvatlamasligini va bu borada hech qanday yon bermasligini aytdi. U bu haqda kecha, 25 iyul kuni TRT telekanaliga bergan intevryusida so‘z ochgan. 

"Shvetsiya va Finlyandiya terror tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmagunicha, NATOga a’zo bo‘lishlariga bizdan ijobiy munosabat kutmasligi kerak. Bu masalada hech kim bizdan yon berishimizni kutmasin", deydi Erdo‘g‘an. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya parlamenti, agar vaziyat o‘zgarmasa, Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish protokolini tasdiqlamaydi. 

"Agar ular darhol NATOga qabul qilinamiz deb o‘ylashsa, bu ko‘rinadigan darajada oddiy masala emas. Madridda imzolangan memorandum faqat taklifnomadir va biz bu haqda barcha hamkasblarimizga aytdik", deydi Prezident.  

Shvetsiya va Finlyandiya masalasi

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.

30 iyun kuni NATO sammitidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etgan Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiya uchun quvonishga hali ertaligini, ular shartni bajarsagina, Turkiya parlamenti Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga oid hujjatni ratifikatsiya qilishini aytdi


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rajab Toyib Erdo'g'an Shvetsiya Finlyandiya

Baholaganlar

65

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing