Biz, yevropaliklar sizlar bilan birga bo‘lishni istaymiz – Ursula fon der Lyayen
Jamiyat
−
04 aprel
3993Samarqand shahrida o‘tayotgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti rasmiy ravishda boshlandi. 2025 yil 4 aprel kuni o‘tayotgan sammit ochilish marosimida Yevrokengash raisi Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning muhim bayonotlari yangradiki, ular sammitning strategik ahamiyatini yanada oshirdi.
Xususan, Antoniu Koshta nutqida YeIning Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan birgalikda global barqarorlikka hissa qo‘shish istagini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Yevropa va Markaziy Osiyo nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy jihatdan ham tinchlik tashabbuslarining hammuallifiga aylanishi mumkin.
Ursula fon der Lyayen Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston bilan “yangi strategik sheriklik davri” boshlanganini e’lon qildi.
“Biz, yevropaliklar, sizning ming yillik tarixingizdagi yangi davrda sizlar bilan birga bo‘lishni istaymiz”, dedi u.
Ursula fon der Lyayen tomonidan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi uchun quyidagi to‘rt ustuvor yo‘nalish belgilab berildi:
- Transport koridorlari — YeI Transkaspiy transport yo‘laklarini, xususan, O‘zbekiston orqali o‘tuvchi yo‘llarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor;
- Kritik xom ashyo — YeI Markaziy Osiyodan foydali qazilmalarni sotib olish, qayta ishlash, mutaxassislar tayyorlash loyihalariga sarmoya kiritadi;
- Yashil energetika — YeI toza energiya, shu jumladan shamol, quyosh va gidroenergetika sohasidagi loyihalarni moliyalashtiradi;
- Global raqamli infratuzilma — YeI Markaziy Osiyoda mustaqil internet tarmoqlarini yaratish, xususan, sputnik internetni joriy etish orqali raqamli suverenitetni qo‘llab-quvvatlashni istaydi.
Sammit doirasida YeI va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida kritik xomashyo bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya imzolanishi rejalashtirilgan. Ushbu hujjat mintaqaviy resurslardan oqilona foydalanish va Yevropa bozorlariga barqaror yetkazib berishni ta’minlaydi.
Qayd etish joiz, Samarqand sammiti Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochmoqda. YeIning amaliy takliflari va strategik yondashuvlari, O‘zbekistonning ochiqlik va hamkorlik siyosati bilan uyg‘un tarzda, mintaqada barqaror rivojlanish, raqamli taraqqiyot va energetik xavfsizlik uchun mustahkam asos yaratadi.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel