Biz yer bermayyapmiz, oldin berilgan narsalarni qaytarib olyapmiz – Japarov “Kampirobod” kelishuvi haqida
Olam
−
17 noyabr 2022
16399Bugun, 17 noyabr kuni Qirg‘iziston parlamentida deputatlar O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasining alohida uchastkalari va "Kampirobod" suv omborini birgalikda boshqarish bo‘yicha kelishuvni ko‘rib chiqmoqda. Uchrashuvda mamlakat Prezidenti Sadir Japarov ham ishtirok etmoqda. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Japarov deputatlarni O‘zbekiston bilan davlat chegarasi haqidagi kelishuvni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. U parlamentning Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida besh nafar deputat qo‘mita qarori uchun ovoz bermay, yig‘ilishni tark etganiga munosabat bildirdi.
“Populist bo‘lish, yig‘ilishni tark etib, kvorumni buzishga urinishning hojati yo‘q... Davlat taqdiri hal qilinayotganda bunday qilmaslik kerak. Hukumatga muxolifatda bo‘lish mumkin, lekin davlatga muxolifat bo‘lish shart emas. Ko‘pchilik oddiy fuqarolar hujjatlarni ko‘rmasdan savolni tushunmasliklari uchun baqirishmoqda. Hammasini ko‘rasiz, arxiv hujjatlari bor. Qanchalik baqirmasinlar, qarshilik qilishmasin, avvalo shu masalani o‘rganib, bu foydali kelishuv ekanini tushunib, mas’uliyatli qaror qabul qilsangiz yaxshi bo‘lardi. Xalq sizni mamlakat taqdirini hal etishingizga ishongani uchun tanladi”, deydi Sadir Japarov.
U deputatlarni qo‘rqmaslikka chaqirib, hukumat to‘g‘ri yo‘lda ekanini aytdi.
“Biz yerni bermayapmiz, aksincha, avvalgi hukmdorlar bergan narsalarni qaytarib olyapmiz. Qamchibek Tashiyev buni faktlar va arxiv hujjatlari bilan isbotladi. Bugun biz to‘g‘ri qadam tashlamoqdamiz va sodir bo‘layotgan voqealarga tarix baho beradi. Hammasi arxivda qoladi. Shaxsiy manfaatlaringizni vaqtincha chetga surib qo‘yish kerak. Qarshilik qilayotganlarga do‘stingiz bo‘lgani uchun qo‘shilishingizga arzimaydi. Yurt yaxlitligini o‘ylab ko‘raylik", degan Prezident.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etib, ilk bor "Kampirobod" suv ombori qanday qilib O‘zbekistonga o‘tayotganiga aniqlik kiritgan edi.
Ma’lumot uchun, “Kampirobod” suv ombori – Tyan-Shan tog‘ tizmalarining 5 irmog‘idan paydo bo‘luvchi Qoradaryo o‘zaniga qo‘yilgan gidrotexnika inshooti. 1962 yili loyihalashtirilib, 1968-1982 yillarda qurib bitkazilgan bu suv omborining umumiy maydoni – 55 kv km, suv sig‘imi – 1 mld 950 m3 bo‘lib uzoq yillar davomida O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida talash bo‘lib kelayotgan edi.
LiveBarchasi