Biz urushdan qo‘rqmaymiz – Ahmad ash-Shara

Olam

image

Suriya hukumati druzlar masalasida tashqi kuchlarning aralashishiga yo‘l qo‘ymaydi, Suriya xalqi esa urushdan qo‘rqmaydi. Bu haqda bugun, 17 iyul kuni Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara xalqqa yo‘llagan murojaatida so‘z ochdi.

Isroil tomonidan kecha, 16 iyul kuni Damashqqa uyushtirilgan kuchli havo zarbalaridan keyin ash-Shara o‘zining birinchi telemurojaatini e’lon qilib, unda druzlarga murojaat qilgan.

U Suriyaning ustuvor vazifasi – druz fuqarolarini, shuningdek, ularning huquqlarini himoya qilish ekanini ta’kidlagan.

“Biz urushdan qo‘rqmaymiz, lekin Suriya xalqining manfaatlarini vayronagarchilikdan ustun qo‘yamiz. Sizning huquqlaringizni himoya qilish bizning ustuvor vazifamizdir va biz sizni tashqi kuchlarning qo‘liga tushishingizga ham yo‘l qo‘ymaymiz”, degan Suriya rahbari. 

Ash-Shara, shuningdek, Suriya xalqi “urushdan qo‘rqadiganlardan emasligini” qo‘shimcha qilgan.

“Suriya xalqi ham urushdan qo‘rqmaydi va agar uning sha’ni xavf ostida bo‘lsa, u jang qilishga tayyor”, degan Ahmad ash-Shara. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 iyul kuni Isroil armiyasi Damashqdagi Suriya armiyasi Bosh shtab binosiga havo hujumi uyushtirgandi. Isroil kuchlari tomonidan o‘tkazilgan hujum janubiy Suriyada ayniqsa, Suvayda mintaqasida avj olgan to‘qnashuvlar fonida amalga oshirilgan. Bu hududda druz jamoalari va hukumatga sodiq guruhlar o‘rtasida zo‘ravonlik kuchayib borayotgani kuzatilayotgan edi. Isroil rasmiylari ushbu hujumni “druzlar himoyasi” deb ta’riflagan. 16 iyul kuni kechqurun Suriya hukumati mahalliy etnik jamoalar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar tufayli mamlakat janubi-g‘arbidagi Suvayda shahridan armiya bo‘linmalari olib chiqilishini e’lon qildi. Hukumat qo‘shinlarining mintaqadan olib chiqilishi druzlar bilan tuzilgan sulh bitimining bir qismi ekani aytildi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham Vashington Isroil va Suriya o‘rtasidagi “tashvishli va dahshatli vaziyat”ga yakun yasovchi choralarni kelishib olganini ma’lum qildi. “Axios” nashri yuqori lavozimli amerikalik mulozimga tayanib, AQSHning Suriyadagi maxsus vakili Tom Barrak Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning maslahatchisi Ron Dermer bilan bir necha marta telefon orqali suhbat o‘tkazgani haqida yozgan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Ahmad ash-Shara druzlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing