Biz shunday qurollarga egamizki... – Tramp AQSHning maxfiy qurollari haqida gapirdi
Olam
−
11 Sentabr 2020
17471Amerika Qo‘shma Shtatlarida hech kim bilmagan qurol tizimlari mavjud. Bu haqda Amerika Prezidenti Donald Tramp kecha, 10 sentyabr kuni Michigan shtatiga jo‘nab ketishdan oldin jurnalistlarga aytdi.
Davlat rahbaridan amerikalik jurnalist Bob Vudvordning yaqinda chop etiladigan "Rage" ("G‘azab") nomli kitobidagi ba’zi gaplarga izoh berishni so‘rashdi. Bu kitob Vudvordning Tramp bilan 18 marotaba o‘tkazilgan eksklyuziv intervyulariga asoslangan. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti u bilan suhbatlarda Qo‘shma Shtatlar yangi yadroviy qurol tizimini ishlab chiqqani, u na Rossiya va na Xitoyning qurol tizimiga o‘xshamasligini aytgan.
"Bizda ajoyib qurollar bor. Men maxfiy ma’lumotlar haqida emas, balki biz yaratgan narsalar haqida gapiryapman. Biz ajoyib qurollarni yaratmoqdamiz. Ularga so‘nggi 3,5 yil ichida 2,5 trillion dollar sarfladik. Endi bizda yangi raketalar bor. Umid qilamanki, bizda ularni ishlatishimizga hojat bo‘lmaydi.
Bizda hech kim bilmaydigan ba’zi tizimlar bor. Rostini aytganda, bu shunday tarzda davom etsa, hammasi yaxshi bo‘ladi.
Bizdagi tizimlardan Xitoy rahbari Si Szinpinda ham, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinda ham yo‘q. Ular maxfiy harbiy ma’lumot beryaptimi? Yo‘q, men aytmoqchimanki, biz dunyodagi eng katta qurolga egamiz", deydi AQSH Prezidenti.
Jurnalistlar Trampga Xitoy va Rossiya rahbarlari bu sirni yashirayotgan bo‘lishlari ham mumkinligini aytganda, Tramp "Bu xavotir olishingizga arzimaydi, ular kasal", deb javob berdi.
Vudvordning yadroviy qurol ishlab chiqarishga bag‘ishlangan kitobidan parchalar 9 sentyabr kuni “The Washington Post” gazetasi saytida e’lon qilingan. Vudvordning manbalari ham AQSH qurolli kuchlari yangi maxfiy qurol tizimiga ega ekanligi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlagan. Vudvordning o‘zi bu haqda batafsil ma’lumot berishdan bosh tortgan.
Rushanabonu Sultonova
LiveBarchasi