Bir mamlakatda bolalik tahdid ostida bo‘lsa, hamma joyda xavf ostida – Yelena Zelenskaya

Olam

image

Ukrainaning birinchi xonimi Yelena Zelenskaya jahon hamjamiyatidan Rossiya bilan urushdan jabr ko‘rayotgan ukrainalik bolalarga yordam berishni so‘radi. U shu mavzuda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tayotgan 78-sessiyasining “Kelajak uchun kurash: urushda ukrainalik bolalar” mavzusidagi yuqori darajadagi tadbirida nutq so‘zladi.

Ushbu tadbirda Zelenskayadan tashqari Avstriya, Polsha, Litva, Finlyandiyaning birinchi xonimlari, Yevropa Kengashi Prezidentining rafiqasi va BMTga a’zo mamlakatlarning boshqa vakillari ishtirok etgan. 

Birinchi xonim Rossiya bosqini tufayli ukrainalik bolalar aziyat chekayotganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosqinning boshidan buyon Ukrainada 504 nafar bola halok bo‘lgan, yuzlab bolalar esa jarohat olgan. 

“Shu kunlarda Chernigov shahri tomon yana bir rus raketasi uchirilishi natijasida olti yoshli Sofiyka halok bo‘lganiga bir oy bo‘ldi. U dam olish kunini yaqinlari bilan shahar markazida o‘tkazayotgandi. Bir necha kundan keyin u birinchi sinfga borishi kerak edi”, dedi Prezidentning rafiqasi o‘z nutqida.

Bundan tashqari, xonimning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya 19 mingdan ortiq ukrainalik bolalarni o‘g‘irlab ketgan va bu ma’lum bo‘lganlari xolos. Aslida esa, raqamlar bundan ham ko‘p. Ayni paytda Ukraina 386 nafar bolalarni vataniga qaytargan. Shuningdek, Bosh prokuratura rossiyalik harbiylar tomonidan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonliklarning 230 dan ortiq holatini qayd etdi. Bu faktlarni Ukraina prokuraturasi tekshirmoqda. Qurbonlar orasida 13 nafar bola ham bor: 12 qiz va 1 o‘g‘il. Eng yosh qurbon atigi 4 yoshda edi.

“Bu faqat qurbonlar va ularning yaqinlari tergovchilarga aytishga jur’at etgan holatlardir”, dedi u.

Yelena Zelenskaya BMT vakillari va ishtirokchi davlatlarni ukrainalik bolalarga yordam berishga, ularni Rossiyadan himoya qilishga va amaliy sa’y-harakatlar ko‘rsatishga chaqirdi. 

“Rossiya tomonidan o‘g‘irlangan bolalar haqida ma’lumot olishga yordam bering. Tajovuzkor mamlakatda assimilyatsiya va pasportlashtirishni to‘xtatishga yordam bering. Rossiyada bolalarni so‘roq qilish, qiynoqqa solish va qamoqqa olishni to‘xtatishga yordam bering. Ukraina aholi punktlarini o‘qqa tutishni to‘xtatishga yordam bering. Maxsus xavfsiz koridorlar orqali bolalarni bosib olingan hududlardan olib chiqishga yordam bering. Biz butun dunyoni urush jinoyatchilari jazolashga chaqiramiz”, deydi Zelenskaya.

Birinchi xonimning bildirishicha, ukrainalik bolalar nafaqat o‘zlari uchun, balki butun dunyo uchun ham yordamga muhtoj, chunki bu adolat va inson huquqlari, xususan, bola huquqlarining tiklanishini anglatadi.

“Bir mamlakatda bolalik tahdid ostida bo‘lsa, demak u hamma joyda xavf ostida”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Vladimir Zelenskiy va uning rafiqasi 18 sentyabr kuni kechqurun Nyu-Yorkka yetib keldi. Birinchi xonim samolyotdan ukrainaliklarning g‘alaba va mamlakatning tiklanishi haqidagi orzularini ifodalovchi nafis kostyumda tushib kelgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina urush bolalar Zelenskiy Elena Zelenskaya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing