Bitta xurmoning yarmini bo‘lsa-da ehson qilib do‘zax olovidan saqlaning
Jamiyat
−
22 aprel 2021
5546Bismillahir rohmanir rohiym. Assalomu alaykum va rohmatullohu va borakatuh. Azizlar, oylarning sultoni bo‘lgan, mo‘minning qalbini farahga to‘ldiradigan Ramazoni sharif oyi barchamizga muborak bo‘lsin. Alloh taolo bu oyda barchamizni yaxshiliklarga yo‘llasin. Rag‘batimizni oshirsin.
Bu oyda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) nima qilardilar? Qaysi amal bilan mashg‘ul bo‘lardilar? Agar biz Payg‘ambarimizning amallarini o‘rgansak, ularning surat va siyratlariga ergashadigan bo‘lsak, ulug‘ bir darajaga, izzat va martabaga erishgan bo‘lamiz. Avvalo, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bu oyda insonlarni Qur’onga yo‘llar edilar. Demak, mo‘min odam Qur’onga bu oyda har doimgidan ko‘proq muxlis bo‘lishi kerak. Tarixda o‘tgan ulamolarimiz, ilm sohiblari ham boshqa ilmlarni to‘xtatishardi va Qur’onga oshno bo‘lishardi. Hattoki, har birlari bir kunda bittadan xatm qilardilar. Imomi Shofiy rahmatullohu alayh bir oyda 30 ta xatm qilardilar.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Ramazonda saxovatga juda katta e’tibor qaratardilar. Boshqa oylarda ham saxovat qilardilar, lekin bu oyda ularning saxovati bo‘ron kabi bo‘lib ketardi. Butun bor-yo‘qlarini fido qilardilar. Imkoniyatlari nimaga yetsa, barini saxiylik bilan odamlarga ulashardilar. Hattoki, ba’zi bir qavmlar, Payg‘ambarimizning saxovatlarini ko‘rib, ularga iymon keltirishdi.
Bir kuni Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning xonadonlarida qo‘y so‘yildi. Oysha onamiz esa uni atrofdagi qo‘ni-qo‘shni va yaqinlarga taqsimlab berdilar. Ro‘zg‘orga esa bitta o‘ng oyog‘ini olib qoldilar. Payg‘ambarimiz kelib Oysha onamizdan “Qo‘ydan uyga nima qoldi?”, deb so‘radilar. Shunda onamiz bitta oyog‘i qolganligini aytdilar. Rasuli akram alayhissalom aytdilarki, “Bitta oyog‘idan boshqa hammasi o‘zimizniki bo‘libdi-ku”, dedilar. Ya’ni demoqchilarki, berganimiz, qilgan saxiyligimiz biznikidir. E’tibor bering, bizda qolgani demayaptilar.
Darhaqiqat, bu oyda ko‘proq saxiylik qilishimiz kerak. Aka-uka, opa-singillarimizning holidan xabar olishimiz kerak. Bizning dasturxonimzda bor ne’mat opamiznikida bormi, akamizning xonadonida bormi? Biz bulardan xabardor bo‘lishimiz kerak.
Ramazonda har bir xonadondagilarning qalbi quvonchga to‘lishi kerak. Ayniqsa, saxovatpesha birodarlarimiz beradigan zakotlarini shu oyga to‘g‘rilab berishlari lozim. Fitr sadaqalar, fidyalar va zakotlarni imkonimiz boricha mana shu oyda ham bersak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki bu oy – saxovat oyi. Bu oyda saxovat qilgan inson, 70 karra ajrga, savobga ega bo‘ladi. Payg‘ambarimizning saxovatlaridan ta’lim olgan zotlar, sahobiylar saxovatpeshalik bobida bor-yo‘qlarini berib yuborishga tayyor bo‘lishgan.
Abbos ibn Mutallibning ikkita ko‘ylaklari bo‘lardi. Bittasini ko‘chada kiyardilar, bittasini uyda. Lekin yalang‘ochlarni kiyintirardilar. Ayollariga aytardilarki, “Mahsulotning uch kunligini olib qoling, qolganini alohida olib qo‘ying”, derdilar. Ayollari ham erning ko‘rsatmasiga muvofiq ish tutardilar va ortiqchasini olib qo‘yardilar. Abbos ibn Mutallib esa ro‘zg‘orlikning oshiqchasini ko‘chaga olib chiqib, muhtojlarga tarqatib yuborardilar. O‘zlarining holatlari hamin qadar, lekin shunday vaziyatda ham Rasulullohdan olgan ta’limi tufayli ular bor-yo‘g‘ini fido qilardilar.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Bitta xurmoning yarmini bo‘lsa-da ehson qilib do‘zax olovidan saqlaning”, deya marhamat qilganlar. Azizlar, arab diyorlaridagi xurmo barmog‘imizning bitta bo‘g‘inicha keladi. Payg‘ambarimiz esa shunday kichik holda bo‘lsa-da ehson qilib, do‘zax otashidan saqlanishimizni aytmoqdalar. Alloh taolo bu oyda barchalarimizning qilayotgan ezgu amallarimizni qabul aylasin. Ajrini va savobini ko‘paytirib bersin. Umrimizni poyoniga qadar mana shu oydan izzat va panoh topib, gunohlarimizdan forig‘ bo‘lishni va ko‘p yillar Ramazonga yetishimizni O‘zi nasib aylasin. Vassalamu alaykum va rahmatullohu va borakatuh.
Rahimberdi domla Rahmonov
LiveBarchasi