Bitiruvchilarning davlat attestatsiyasini o‘tkazish DTMga topshiriladi
Jamiyat
−
26 iyul 2022
85092024/2025 o‘quv yilidan boshlab ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari uchun umumta’lim fanlari bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkazishni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga topshirish rejalashtirilyapti. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Umumta’lim fanlari bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish va oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish tartibini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida belgilanmoqda.
Qaror loyihasiga ko‘ra, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari hamda kasb-hunar maktablari (keyingi o‘rinlarda – ta’lim tashkilotlari) umumta’lim fanlari bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish hamda oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilishning quyidagi tartibi joriy etiladi:
• 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari (keyingi o‘rinlarda – bitiruvchilar) uchun umumta’lim fanlari bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda – Davlat test markazi) tomonidan o‘tkaziladi;
• Bunda bitiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlarini (keyingi o‘rinlarda – majburiy fanlar) hamda ikkitadan to‘rttagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos bo‘lgan umumta’lim fanlari(keyingi o‘rinlarda – mutaxassislik fanlari)dan bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovi o‘tkaziladi;
• test sinovi natijalari bo‘yicha bitiruvchilarga uch yil muddatga amal qiladigan elektron milliy sertifikat (keyingi o‘rinlarda – sertifikat) beriladi;
• bitiruvchilarga shaxodatnoma (yoki diplom) berishda yakuniy davlat attestatsiyasida bitiruvchilarning majburiy fanlar bo‘yicha test sinovi natijalari inobatga olinadi va shaxodatnoma (yoki diplom)da qayd etiladi;
• ta’lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirgan va o‘quv fanlaridan yil davomida qoniqarli baho olgan bitiruvchilar test sinoviga qo‘yiladi. Bunda bitiruvchilar ro‘yxati Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, tizimida umumta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar (keyingi o‘rinlarda – vazirlik va idoralar) tomonidan elektron idoralararo axborot almashinuvi orqali Davlat test markazining platformasiga integratsiya qilinadi;
• bitiruvchilar shahodatnoma (diplom) olishlari uchun test sinovi natijasi bo‘yicha majburiy fanlardan to‘planishi lozim bo‘lgan minimal ball Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi;
• test sinovi natijasi bo‘yicha majburiy fanlardan minimal ball va undan yuqori ball to‘plagan bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan hisoblanadi;
• yil davomida test sinovini topshirib umumta’lim fanlaridan sertifikatga ega va uning bali Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan minimal o‘tish baliga mos kelgan bitiruvchilar tegishli fanlar bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod etiladi;
• test sinovlari har yili iyun - iyul oylarida Davlat test markazi tomonidan katta sig‘imli binolarda hamda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Davlat komissiyasi) tomonidan belgilanadigan uzoq hududlardagi binolarda qog‘oz (yoki elektron) shaklda o‘tkaziladi;
• majburiy fandan minimal ball to‘play olmagan, uzrli sababga ko‘ra (kasalligi, oila a’zolarining vafot etganligini, xalqaro sport musobaqalarida, olimpiada va ko‘rik tanlovlarda ishtirok etayotganligi) test sinovida qatnasha olmagan bitiruvchilarga asoslovchi hujjatlarga muvofiq yakuniy davlat attestatsiyasi to‘liq yakunlanganidan ikki hafta o‘tgach ushbu fanlardan qayta test sinovini topshirish huquqi beriladi;
• qayta test sinovi natijalari bo‘yicha yetarli ball to‘play olmagan bitiruvchilar barcha oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish tanlovida ishtirok eta olmaydi, ularga ta’lim tashkilotlari tomonidan tegishli ta’limni tugatganligi haqida ma’lumotnoma beriladi hamda keyingi yil yakuniy davlat attestatsiyasida qayta test sinovini topshirish huquqi beriladi.
Bunda oldingi yilda ta’lim tashkilotini tugatgan, lekin yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘ta olmagan bitiruvchilar, yagona interaktiv xizmatlar portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali o‘zi ta’lim olgan ta’lim tashkilotiga yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tish uchun ariza bilan murojaat qiladi.
Bitiruvchilar majburiy hamda mutaxassislik fanlaridan test sinovi natijalari asosida oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda o‘qishga qabul qilinadi.
Mazkur tartib xorijiy fuqarolar va Prezident maktablari bitiruvchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qaror bilan 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchilarga ta’lim tashkilotlari tomonidan umumta’lim fanlari bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.
Bitiruvchilarga san’at, madaniyat, sport va boshqa alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlarining mutaxassisilik fanlaridan yakuniy davlat attestatsiyasi yuqori turuvchi vazirlik va idoralarning belgilangan tartibi asosida ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladi.
LiveBarchasi