“Bishkeklik manyak” tergov izolyatorida o‘lik holda topildi

Olam

image

Joriy yilning 7 fevral kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridagi 1-sonli tergov hibsxonasida “bishkeklik manyak” nomi bilan tanilgan Qumarbek Abdirov o‘lik holda topildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Jazoni ijro etish davlat xizmatiga ko‘ra, 41 yoshli ayblanuvchining jasadi 7 fevral kuni soat 12:30 atrofida kameradan topilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan.

Qumarbek Abdirov 2025 yil sentyabr oyida 17 yoshli Oysuluv Mukashevani zo‘rlab o‘ldirganlikda ayblanib, hibsga olingan edi. Ushbu jinoyat Qirg‘izistonda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Tergov davomida Abdirov bir nechta ayolni zo‘rlab, o‘ldirganini tan olgan. U taksi haydovchisi bo‘lib ishlagan. Qurbonlarni, asosan, shahar chetida va tog‘li hududlarda o‘ldirgani aniqlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Abdirov 2016 yilda qotillikka urinish jinoyati uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Keyinchalik jazo muddati 7 yilga qisqartirilib, 2018 yilda muddatidan oldin ozodlikka chiqqan.

Oysuluv Mukashevaning o‘ldirilishidan so‘ng Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bunday og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qayta tiklash taklifini ilgari surgan edi. Biroq, Konstitutsiyaviy sud 2025 yil dekabr oyida o‘lim jazosini qaytarish Konstitutsiyaga va xalqaro majburiyatlarga zid ekanini ma’lum qildi. 

Shuningdek, mazkur ish doirasida Abdirovning muddatidan oldin ozod etilishiga aloqador bo‘lgan Bishkek shahar sudining uch nafar sobiq sudyasi va bir nafar prokuror ham hibsga olindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati, Bozor-Qo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi 70 yoshli erkak 14 yoshli nabirasini zo‘rlashda gumonlanib, hibsga olingani haqida xabar berilgan edi.

Jamshidbek Amirov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

tergov o'lik izolyator manyak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing