Bishimbayevga sud hukmi o‘qildi
Olam
−
13 may
15030Ostonadagi Sud hay’ati Qozog‘iston sobiq iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayevni rafiqasi Saltanat Nukenovaning vahshiylarcha o‘ldirilishida aybdor deb topdi va sobiq amaldor 24 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud jarayoni Qozog‘iston Oliy sudining YouTube'dagi kanali orqali translyatsiya qilindi.
U qiynoq, shafqatsiz qotillik va jinoyatni yashirish moddalari bo‘yicha sudlangan. Uning amakivachchasi Baxitjan Bayjanov ham qotillikni yashirganlikda ayblanib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Sud jarayonida hakamlar hay’ati Bishimbayev Nukenovaga nisbatan zo‘ravonlik qilganmi, u haqiqatan ham xotinini o‘ldirganmi, keyinroq izini yashirishga uringanmi, qotillik, qiynoqlar va jinoyatni yashirishda aybdormi, degan savollarga javob berdi.
Bishimbayev umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi uchun barcha sudyalar uni aybdor deb topishlari kerak edi. Bu sodir bo‘lmadi.
Sud 2023 yil 8 noyabrdan 9 noyabrga o‘tar kechasi Bishimbayev rafiqasi Saltanat Nukenovani sakkiz soatcha kaltaklaganini isbotladi.
Ayblovga ko‘ra, janjal chog‘ida mast Bishimbayev xotinining boshiga mushtlari bilan urgan, tepib, hushini yo‘qotguncha bo‘g‘ib turgan. Nukenova vafot etgan, sobiq vazir esa ataylab bir necha soat tez yordam chaqirmagan.
Saltanatning akasining ko‘rsatmasiga ko‘ra, Bishimbayev xotinini muntazam ravishda kaltaklagan. Mulozimning o‘zi ham sudda xotiniga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llaganini tasdiqladi. Biroq u qasddan odam o‘ldirish aybini tan olishdan bosh tortdi.