Birjada narxlar keskin oshishiga qarshi tizim joriy etiladi
Jamiyat
−
25 noyabr 2022
5517Tadbirkorlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bir vaqtning o‘zida birja tizimida akkreditatsiyalanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kecha, 24 noyabr kuni qabul qilingan “Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Hujjatga muvofiq:
• tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ularni bir vaqtning o‘zida birja tizimida akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi joriy etiladi;
• xorijiy yetkazib beruvchilar tomonidan davlat xaridlari tizimida ishtirok etish uchun majburiy tartibda ERI olish talabi bekor qilinadi;
• tadbirkorlik sub’ektlarining yuqori likvidli va monopol bo‘lmagan mahsulotlarini birja savdolari orqali sotish uchun istiqbolli tovarlar seksiyasi tashkil etiladi;
• tadbirkorlik sub’ektlariga, o‘z xohishiga ko‘ra, birjadan tashqari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar buyicha birjaning hisob-kitob-kliring tizimi orqali kafolatli hisob-kitob xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratiladi;
• mahsulotlarni "forvard" bitimlari asosida sotish tartibi birja savdolari orqali tuziladigan eksport-import shartnomalariga nisbatan xam qo‘llaniladi.
2022 yil 1 dekabrdan 2024 yil 1 yanvarga qadar kuyidagi tovarlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi:
a) monopol korxonalar va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 % va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, ustav fondi (kapitali)ning 50 % va undan ortig‘i ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 % va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan po‘lat shar, metall list prokati, suyuq uglerod oksidi, texnik kislorod, kaustik soda, neft koksi, sintetik nafta, barda – ishlab chiqarish xajmining 100%;
b) monopol bo‘lmagan va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50% kam bo‘lgan yoki davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan:
• metall list prokati va sement – ishlab chiqarish hajmining kamida 50%;
• paxtadan olingan chigit, paxta moyi (shu jumladan, ekstraksiya paxta moyi), qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) va iste’mol etil spirti – ishlab chiqarish hajmining 100%.
Bunda, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan ushbu tovarlarning o‘z ehtiyojlari uchun foydalaniladigan hajmlardan ortgan qismi birja savdolariga qo‘yiladi.
Shuningdek ichki bozorda narxlar keskin oshib ketishining va sun’iy tanqislik vujudga kelishining oldini olishni nazarda tutuvchi tizim joriy etiladi:
• monopoliyaga qarshi organ narxlar keskin tebranishi davrida birja savdolariga majburiy qo‘yilishi kerak bo‘lgan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish jadvallarining xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan ishlab chiqarish xajmlari, mavjud imkoniyat va zaxiralaridan kelib chiqqan holda tasdiqlanishi ustidan nazorat olib boradi;
• Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi o‘zlarining axborot tizimlarini tovar-xom ashyo birjalarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilib, tovarlarning haqiqiy bozor narxlarini kuzatish, til biriktirish, manipulyatsiyalar va boshqa qonunchilik buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash mexanizmlarini joriy qiladi.
LiveBarchasi