Birjada boy bo‘lish osonmi? Treyder bilan suhbat
Biznes
−
17 iyun 2021
33558Bugungi kunda odamlar orasida yangi-yangi biznes turlari rivojlanmoqda. Odamlar an’anaviy karmonlar o‘rniga, allaqachon elektron hisob raqamlar bilan dunyo bozorlarida savdo qilmoqda. Endi biror narsa xarid qilish yoki badavlat insonga aylanish uchun ko‘chaga chiqish, oftob tagida terga botib ishlash shart emas. Bugun hayotimizga birja, Forex, kriptovalyuta kabi yangi terminlar kirib kelgan. Xo‘sh, bular nima? Uning ortidan topiladigan foyda va boy beriladigan zarar qancha? Bular haqida Bluesky konsalting kompaniyasi rahbari Karina Nuriddinova bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyu kim uchundir koni foyda bo‘lsa, yana kim uchun hayotda o‘z yo‘lini topishida motivatsiya berishiga ishonamiz.
Qahramonimiz o‘z faoliyatini boshlaganiga 7 yil bo‘lgan. Zarar ko‘rmasdan foyda topib bo‘lmasligini ko‘p ta’kidlagan holda, tavakkal qilishdan qo‘rqmaslikni maslahat beradi
Karina Nuriddinova bilan intervyuni to‘liq yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube’dagi kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.
Charos Shodmonqulova, muxbir: — Birja o‘zi nima?
Karina Nuriddinova, Bluesky konsalting kompaniyasi rahbari: — Birja – bu onlayn moliya bozori. U o‘z ichiga asosiy 3 ta yo‘nalishni oladi. Bular: kriptovalyuta, aksiyalar va Forex.
Hozirgi kunda eng talab yuqori bo‘lgani – bu kriptovalyuta. Kriptovalyuta nima, degan savolga keladigan bo‘lsak, bu onlayn puldir. Hozirgi kunda balansdagi pul o‘rnini egallab kelayotgan virtual pul. Uning afzallik tomonlari shundaki, misol uchun siz yevropadasiz, biror joyga pul jo‘natmoqchisiz, buning uchun siz bankka borishingizga to‘g‘ri keladi, navbat kutishingizga to‘g‘ri keladi va o‘ziga yarasha limit bilan sizga muammolar tug‘diradi. Kriptavalyuta bilan esa, siz xohlagan summangizni 5-6 sekundda muammosiz istagan joyingizga jo‘natishingiz mumkin. Va buning ommalashib kelayotgan tomonlari judayam ko‘p. Bank kreditni ham kriptovalyuta orqali bermoqda. To‘lovlarini ham kriptovalyuta orqali amalga oshirishmoqda. Bugungi kunda bu yo‘nalishga juda ham katta investitsiya kiritilmoqda.
Ch.Sh.: — Ko‘pchilik Forex’ni firibgarlikdan iborat deb o‘ylaydi. Bu qanchalik to‘g‘riyu qanchalik noto‘g‘ri?
K.N.: — Masalan, men treyderman (savdogar) va bu faoliyat bilan 7 yildan beri shug‘ullanib kelaman. Ya’ni men bu yerda qanday qilib savdo qilishni, qancha depozit mablag‘ bilan kirishni va qanday qilib savdoni olib borish kerakligini yaxshi bilaman. Odamlar nega aynan bu ynalishda firibgarlik deyishlarining sababi bilim yetishmasligida. YouTube’dan va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda noprofessional yondashilgan videolarni ko‘rib, savdo qilishga harakat qilib ko‘rishadi. Lekin o‘xshamaydi. Chunki bilim yo‘q. Treyder emas. Bilim yetishmagan joyda bir ikki marta ishlaydi, so‘ng buni men ham qila olaman deb o‘ylashadi.
Ch.Sh.: — Aytingchi, investorlar sizning kompaniyangizga sarmoya kiritishlarining qanday shartlari bor? Va investorlar nega aynan Bluesky kompaniyaciga investitsiya kiritishlari kerak?
K.N.: — Negaki men boshqalardan farqli o‘laroq, natijalarni ochiq ko‘rsatib boraman: oylik, yil boshi, oyning oxiri yoki yilning boshidagi hisobotlarim ochiq. Boshqa treyderlarga o‘xshab buni berkitmayman. Va har bir foydani biz o‘rtada bo‘lishib olamiz. Treyderni treyder qiladigan bu uning natijasi.
Aytib o‘tganimdek, ularni biz Instagram sahifalarimiz orqali ko‘rsatib boramiz. Bizda boshqa kompaniyalarga qaraganda dividend holati yuqori.
Ch.Sh.: — Professional treyder bo‘lish uchun nimalar qilish kerak?
K.N.: — Buning uchun kamida 1 yil o‘qish kerak. Lekin menga 1 yil kamlik qilgan. Shuning uchun 3 yil o‘qiganman. 3 yildan keyin menda amaliyot boshlangan. Aytmoqchimanki, ko‘p odamlarimiz sabrsiz. Shuning uchun ular o‘zlariga strategiya yaratishga harakat qilishlari kerak. Va asosiysi, “minus”ga ham ketib turishlari kerak. Chunki busiz professional treyder bo‘la olmaydilar. Sababi, har bitta “minus”ga kirganida o‘zining asablarini, sabrini jilovlay olgan treydergina professional bo‘la oladi. O‘ziga eng zo‘r strategiyalar yarata oladi. Chunki eng zo‘r strategiyalar “minus”ga kirgan vaqtda paydo bo‘ladi.
Ch.Sh.: — Shu yillar ichida qancha foyda va zarar ko‘rdingiz?
K.N.: — Foydam va zararim haqida ochiqchasiga aytishni xohlamayman. Lekin bir voqeani aytib o‘tishim mumkinki, men o‘qib yurgan vaqtimda savdoni 20 ming dollar bilan boshlaganman va uni 200 minggacha ko‘tarib, e’tiborsizligim tufayli “minus”ga kirganman. Lekin o‘sha vaqtda o‘zimni yo‘qotib qo‘ymaganligim sababli eng yaxshi strategiyamni yarata olganman. Va shuning ortidan hozir foyda ko‘rib kelaman. Foydaga keladigan bo‘lsak, oylik holatidagi foydam 20-30 foizgacha bo‘ladi. O‘ylaymanki, zarar ko‘radigan vaqtdan o‘tib ketganman. Buyog‘iga iloji boricha natija ko‘rsatishga harakat qilaman.
Ch.Sh.: — Havaskor treyderlarga ustozlik qilgan bo‘larmidingiz?
K.N.: — Hozir o‘zlariga kanal ochib, onlayn o‘rgatadigan noprofessionallar ko‘payib ketgan. Hammaga shuni aytib o‘tardimki, bunaqa darslarga ishonmang. Chunki aytib o‘tganimdek, treyder bo‘lish uchun yillar davomida o‘qish kerak. Lekin men ustozlik qila olmayman. Chunki hamma o‘zining ishini qilishi kerak, deb o‘ylayman. Treyder savdosini, maxsus treyder yetishtiradiganlar esa o‘zlarining ishini qilishi kerak. Yevropada shunaqa gap bor, treyder o‘qituvchilikka o‘tib ketdimi, demak unda savdo o‘xshamagan. U yomon treyder. Agarda u yaxshi treyder bo‘lsa, o‘zining daromad qilib yuraveradi.
Ch.Sh.: — Kasbingizning qanchalik qiyin?
K.N.: — Bu kasb o‘ziga ko‘proq diqqat talab qiladigan egoist. Men nima uchun 1 yil dedim, chunki bizning odamlarimiz shoshqaloq. Ammo men ularga 1 yil emas, 3-4 yilni maslahat berardim. Bu shunaqa kasbki, oilangizdan ozgina uzoqlashishni boshlaysiz. Oddiy hayot tarzida yashash qiyinroq bo‘ladi. Iloji boricha og‘ir, vazmin bo‘lish, hamma narsani yodda saqlash kerak. Shunisi bilan ham bu kasbni oson, deya olmaymiz.
Ch.Sh.: — Kasbingiz tavakkalchiliksiz bo‘lmaydi. Siz ayol sifatida bu kasbni tanladingiz…
K.N.: — Bilasizmi, bu kasb qo‘rqoqlar uchun tavakkal hisoblanadi. Lekin astoydil o‘qib, nima ish qilayotganini bilgan treyderlar uchun bu tavakkal emas. Buning uchun bilimi yetarli, o‘ziga yarasha strategiyalari bo‘lsa, yillar davomida ishlab ko‘rgan insonlarga bu kasb qiyinchilik tug‘dirmaydi. Agarda kengroq o‘ylab qaraydigan bo‘lsak, bu sohani nazoratga olsa bo‘ladi. Bunga faqat bilim va tajriba kerak. Treyder birinchi o‘rinda o‘zini boshqara olishi kerak. O‘zini boshqara olgan treyder birjaning tavakkalini ham boshlay oladi.
Ch.Sh.: — Siz yuqorida o‘qituvchilik qila olmasam kerak, deb aytdingiz. Sizga ustozlik qilishganmi?
K.N.: — Ha, albatta. Mening ustozlarim bo‘lgan. Toki professional darajaga kelgunimga qadar bir nechta ustozlarim bo‘lgan. Hozirgi kunda ham ulardan maslahat olib, kareramni davom ettiryapman. Ular mening shu darajagacha kelishimda katta rol o‘ynashadi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, tavakakalchilikni ham nazoratga olib, qo‘rqmasdan savdo qilishimda ularning hissasi katta.
Ch.Sh.: — Siz bu kasb oiladan uzoqlashtiradi dedingiz. Menimcha turmush qurmagansiz, qachon to‘yingizni ko‘ramiz? Rejalar qanaqa?
K.N.: — Bilasizmi, oilaga kelganda men qandaydir rejalar qilmayman. Chunki hammasi Allohga ayon. O‘ylaymanki, taqdirimdagi kutayotgan insonim meni qayerdadir qidiryapti.
Ch.Sh.: — Ayol kishi bu kasbni tanlashini maslahat berarmidingiz?
K.N.: — Albatta, maslahat beraman. Bu kasb jins tanlamaydi. Yevropada bu bo‘yicha test o‘tkazishganda, ayol treyderlar erkak treyderlarga nisbatan ko‘proq natija ko‘rsatishgan.Chunki ayollarda o‘ziga nisbatan javobgarlik hissi ko‘proq bo‘ladi.
Ch.Sh.: — O‘zbekistonda-chi, umuman birjaning kelajagi qanchalik bor?
K.N.: —O‘zbekistonda kelajagi yo‘q, deb ayta olmayman. Sababi 2-3 yil oldin Yevropada yashprdim va uyimga mehmon bo‘lib kelgan paytlarim bilardimki, odamlarimizning bu soha bo‘yicha tushunchasi kamroq edi. Lekin sekin-asta qiziqish ortdi. Qanday daromad ko‘rishimiz mumkin, qancha pul topishimiz mumkin, degan intilish ortmoqda. Kurslarga borishyapti. Instagram sahifamda mendan qayerda bilim olish haqida ko‘p so‘rashadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda birjaning kelajagi bor. Ammo bunga 5-10 yil kerak bo‘ladi. Asosiysi, bu sohani o‘rganib borish davomida piramida yoki aldov emasligini tushunishmoqda.
Ch.Sh.: — Bu ishni boshlashga qo‘rqayotganlarga nima degan bo‘lardingiz?
K.N.: — Aslida inson sifatida shunday turishimizning o‘zi tavakkal. Chunki biz ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz. Tavakkalchilik nafaqat birjada, balki har bir ishda bor. O‘ylaymanki, tavakkal qilmagan inson g‘olib bo‘la olmaydi. Chunki qo‘rquvni yengib o‘tish uchun ham tavakkal qilish kerak. Tavakkaldan qo‘rqadigan insonlarga aytardimki, siz avval qo‘rquvingizni yengib, keyingina kompaniyalarga, kurslarga murojaat qiling. Tavakkal qilish yomon emas, aslida. Ko‘p holatlarda biznesdagi tavakkal katta omad olib keladi.
Ch.Sh.: — Uyda o‘tiradigan, ammo turmush o‘rtog‘idan pul ololmaydigan ayollarga bu kasb to‘g‘ri keladi deb o‘ylaysizmi? Ko‘p vaqt talab qilmaydimi?
K.N.: — Ko‘p vaqt talab qiladi. Uy bekalari menga ko‘p murojaat qilishadi. Karina, menga o‘rgating, menda shuncha pul bor, degan holatlar ko‘p bo‘ladi va men ularga yordam berishga harakat qilaman. Lekin ularni o‘qitolmayman.
Ch.Sh.: — Pul insonning burnini ko‘taradi. Biznesmen ayol sifatida sizda bu holat qanday?
K.N.: — Aytardimki, bu menga tegishli emas. Pulni yaxshi ko‘rish kerak, albatta. Ammo mening prinsipim shuki, men pulga emas, pul menga ishlashi kerak.
Tel: +998955142727
Telegram kanalimizga a’zo bo‘ling
Facebook’da do‘stlaringiz bilan bo‘lishing
Instagram’da yangiliklardan boxabar bo‘ling
LiveBarchasi