“Birorta ham bahsli masala yo‘q”. To‘qayev Putin bilan uchrashdi

Olam

image

Bugun, 22 dekabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) rahbarlarining norasmiy yig‘ilishi doirasida Sankt-Peterburg shahrida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.

“Bu yerda Yangi yil arafasidagi an’anaviy Peterburg uchrashuvlari doirasidagi tashrifimiz dasturi mutlaqo puxta o‘ylangan va sermazmun bo‘ldi. Biz YeOII doirasida qator masalalarni ko‘rib chiqib, qarorlar qabul qildik. MDH formatida ham hamkorligimizga oid juda muhim, dolzarb masalalar muhokama qilindi. MDH nufuzli va talab yuqori bo‘lgan xalqaro tashkilot hisoblanadi.

Ikki tomonlama hamkorlikka kelsak, joriy yil shubhasiz muvaffaqiyatli bo‘ldi. Aytish mumkinki, ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlandi. 12 noyabr kuni Rossiyaga amalga oshirgan davlat tashrifim to‘liq muvaffaqiyat bilan yakunlandi. Ushbu tashrif davomida ko‘rsatilgan samimiy qabul uchun sizga minnatdorlik bildiraman.

Qozog‘iston uchun strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi hamkorlik so‘zsiz ustuvor yo‘nalishdir. Biz Qozog‘iston va Rossiya fuqarolarining kundalik hayotiga daxldor barcha masalalarda birga bo‘lishimiz kerak, chunki bu hamkorlik va strategik sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan ishlarimiz mamlakatlarimiz xalqlarining tub manfaatlariga to‘liq mos keladi”, deydi Qozog‘iston rahbari.

Vladimir Putin ham MDH davlatlari rahbarlari uchrashuvi yakunlari haqida fikr bildirgan.

“Kecha va bugun bu yerda birgalikda ishladik, bugun esa yarim kun davomida norasmiy muloqot chog‘ida KXSHT, MDH doirasidagi ishlarimiz, shuningdek, ikki tomonlama masalalar yuzasidan gaplashish imkoniga ega bo‘ldik.

Siz bilan alohida uchrashib, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun siz ham, men ham ustuvor deb biladigan masalalarni muhokama qilish imkoniyatidan juda mamnunman. Umuman olganda, mening nazarimda, vaziyat deyarli barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy rivojlanmoqda. Bizda birorta ham bahsli yoki murakkab masala yo‘q”, deydi Rossiya Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev MDH norasmiy sammitida qatnashishdan bosh tortgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing