“Birinchi vazifamiz — xavfsiz evakuatsiya”. G7 yetakchilari Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha bayonot qabul qildi 

Olam

image
“Tolibon” qaysi davlatlar bilan yaxshi aloqada ekani aytildi  north_east

“Tolibon” qaysi davlatlar bilan yaxshi aloqada ekani aytildi 

Kecha, 24 avgust kuni “Katta yettilik” (G7) mamlakatlari rahbarlarining Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv so‘ngida bayonot qabul qilindi.  

Ta’kidlanishicha, G7 yetakchilari Afg‘onistondagi vaziyatdan jiddiy xavotir bildirgan. Ular inson huquqlari majburiyatlari, shu jumladan ayollar, qizlar va himoyasiz guruhlar huquqlarini har qanday sharoitda bajarishga chaqirgan. 

“Afg‘oniston boshqa hech qachon terror makoniga yoki boshqalar uchun terrorchilik hujumlar manbaiga aylanmasligi kerak. Hamkorlar, xususan NATO ittifoqchilari bilan birgalikda, terrorizmga qarshi kurashni qat’iyat va birdamlik bilan davom ettiramiz. Har qanday bo‘lajak Afg‘oniston hukumati Afg‘onistonning terrorizmdan himoya qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarishi shart. Barcha afg‘onlarning, ayniqsa ayollar, bolalar, etnik va diniy ozchiliklarning huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlash, gumanitar yordamning kirishiga to‘sqinliksiz va shartsiz ruxsat berish hamda odamlar va giyohvand moddalar savdosiga qarshi samarali kurashish lozim”, deyilgan xabarda. 

“Katta yettilik” Afg‘onistonning qo‘shni davlatlari bilan afg‘on qochqinlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik qilish niyatini bildirgan. 

“Bizning birinchi ustuvor vazifamiz — fuqarolarimizni va biz bilan hamkorlik qilgan hamda o‘tgan yigirma yil mobaynida bizning sa’y-harakatlarimizga yordam bergan afg‘onlarni xavfsiz evakuatsiya qilishni ta’minlash”, deyilgan xabarda. 

Qayd etilishicha, Afg‘onistonning yangi hukumatiga so‘z bilan emas, balki amal bilan baho beriladi. 

“Biz “Tolibon” terrorizmning oldini olish, inson huquqlari, xususan, ayollar, qizlar va ozchiliklar huquqlari sohasidagi harakatlari uchun javob berishi kerakligini tasdiqlaymiz”, degan “Katta yettilik” rahbarlari. 

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson G7 mamlakatlari rahbarlari “Tolibon” bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun yo‘l xaritasini kelishib olganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Katta yettilik”ning birinchi sharti — Afg‘onistonni 31 avgustgacha ham, o‘sha kundan keyin ham xavfsiz tarzda tark etishga “Tolibon”ning kafolat berishidir.

Avvalroq, “Tolibon” AQSH qo‘shinlarining ikki tomonlama shartnomalarda belgilangan muddat — 31 avgustdan keyin ham Afg‘onistonda qolishini “istiloning davomi”, deb hisoblashini ma’lum qilgandi. 

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon Katta ettilik

Baholaganlar

19

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing