Nazarboyev nomi yana bir tashkilotdan o‘chirilmoqda

Olam

image

Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev nomidagi Milliy mudofaa universiteti Qozog‘iston Respublikasi Milliy mudofaa universiteti deb qayta nomlanadi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati respublika rahbari Qosim-Jomart To‘qayevning huquqiy axborot portalida e’lon qilingan qarori loyihasiga tayanib xabar berdi. 

“Mudofaa vazirligi “Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 5 iyuldagi 648-sonli “Oliy ta’lim muassasalariga alohida maqom berish to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasini tayyorladi.  O‘zgartirish Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi nomidagi Milliy mudofaa universiteti Qozog‘iston Respublikasi Milliy mudofaa universitetiga o‘zgartirilishi bilan bog‘liq”, deyiladi xabarda. 

Oktyabr oyida Qozog‘iston hukumati Ostonada faoliyat yuritgan Respublika birinchi prezidenti kutubxonasi negizida Prezident markazini tashkil etdi. 

Avvalroq Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston faxriy senatori maqomidan mahrum qilingan, Qozog‘iston Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi nizomdan birinchi prezidentni himoya qilish haqidagi alohida band chiqarib tashlangan edi. Shundan so‘ng respublika parlamenti quyi palatasi gap barcha normativ-huquqiy hujjatlarni yangilangan konstitutsiyaga muvofiqlashtirish haqida ketayotganini, sobiq prezidentga esa “Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan xavfsizlik va boshqa imtiyozlar berilishini tushuntirdi.

2022 yil 5 iyun kuni Qozog‘istonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. O‘zgartirishlardan biri mamlakatning birinchi prezidenti Nazarboyevning maqomi va vakolatlari haqidagi moddaning chiqarib tashlanishi bo‘ldi. Bundan tashqari, Nazarboyevning millat yetakchisi maqomining o‘zgarmasligi haqidagi norma chiqarib tashlandi. 10 yanvar kuni Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi “Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonun kuchini yo‘qotdi, deb qaror qabul qildi. Birinchi prezident to‘g‘risidagi qonun bekor qilinganidan keyin Nazarboyevning vakolatlari konstitutsiya va Qozog‘iston prezidenti to‘g‘risidagi qonun bilan tartibga solinadi, unda mamlakatning sobiq rahbarlariga tegishli alohida boblar mavjud. 

83 yoshli Nazarboyev Qozog‘istonda 30 yil prezidentlik qilgan. 2019 yilda u iste’foga chiqishini e’lon qilib, respublikadagi o‘zgarishlarni davom ettiradigan yangi avlod rahbarlarining hokimiyatga kelishi zarurligini bildirgandi va lavozimini vorisi To‘qayevga topshirgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing