Birinchi xonim qizi Saida Mirziyoyeva bilan Parijga bordi
Jamiyat
−
02 aprel
9230O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bilan birga Parijga bordi. Buni Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan suratlar tasdiqlaydi.
Mirziyoyevalar UNESCO bosh direktori Odri Azule hamrohligida tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyodagi ilk professional fotosuratchi va kinooperator Xudoybergan Devonovga bag‘ishlangan ko‘rgazmaga borgan.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmada 34 ta fotosurat namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma 4 aprelga qadar bo‘lib o‘tadi.
“Biz doim jahon hamjamiyatiga mamlakatimizni o‘ziga xos rakurslarda ko‘rsatishga, yurtimizning kutilmagan qirralarini namoyish etishga harakat qilamiz. Har bir tadbir odamlarda chinakam qiziqish uyg‘otadi — ular O‘zbekistonni o‘zlari uchun yangitdan kashf etishadi”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva
Uning aytishicha, parijliklar ulkan arxivning bir qismi bo‘lgan ushbu fotokolleksiyadagi ko‘plab suratlarning ilk tomoshabiniga aylanishadi. Mazkur noyob suratlar ilgari na O‘zbekistonda, na xorijda namoyish etilgan. Ularda o‘tmishning betakror lahzalari — Xorazmning kundalik hayoti, urf-odatlari, me’morchiligi va odamlar turmushi aks etgan.
Shuningdek, UNESCO'ning Parijdagi bosh qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi hukumati va UNESCO o‘rtasidagi kelishuv imzolanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand rasman UNESCO Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi o‘tkaziladigan joy sifatida belgilandi.
“Bu biz uchun katta sharaf va mas’uliyatdir, negaki so‘nggi 40 yil davomida ushbu konferensiya Parijdan boshqa yerda o‘tkazilmagan.
Bu ijodiy industriyaning mashaqqatli mehnati, xalq diplomatiyasi va eng yuqori darajadagi kelishuvlar samarasidir. Bu – jahon hamjamiyatining mamlakatimiz ochiqligi, o‘ziga xos an’analari va madaniy merosi, boy tarixi, musiqasi, adabiyotiga katta qiziqishi bilan qarayotganidan dalolat.
Biz madaniyat va san’at vositasida mamlakatimizni xalqaro maydonda targ‘ib etmoqdamiz, dunyo ahliga yanada yaqinlashtirmoqdamiz. Bu aloqalar bevosita iqtisodiy natijalarga ulanib, qo‘shma loyihalar va umumiy g‘oyalarga aylanmoqda.
Xush kelibsan, UNESCO! Samarqandda uchrashguncha!” deb yozdi Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 mart kuni Fransiyaga davlat tashrifi doirasida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qilgandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




