Birinchi xonim qizi bilan Xivaga bordi
Jamiyat
−
11 Oktabr 2019
23862O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva qizi –MTV Maktabgacha ta’lim sohasi siyosatini shakllantirish va yuritish bosh boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Mirziyoyeva bilan Xorazm viloyatiga safar qildi.
Mamlakat birinchi xonimi qizi bilan Xivadagi Ichan qal’a me’morlik majmasida mehmon bo‘lib, tarixiy yodgorlik bilan tanishgan, bozor rastalarini ko‘zdan kechirgan. Shahnoza Mirziyoyeva o‘z sayohati taassurotlarini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida shunday izohlaydi:
“Ikki sahro, Qizilqum va Qoraqum orasida joylashgan Xiva shahri – azaldan hayot qaynagan voha durdonasi.
Bu yerdagi zamonaviylik va tarix uyg‘unligi so‘z bilan ifoda etib bo‘lmas muhitni yaratadi. Xivada har qadamda islom me’morchiligining eng yorqin namunalarini uchratish mumkin. Ushbu shamolli shaharda qadimiylik ruhini sezish, yurtimiz boy tarixi naqadar ulug‘vor ekanini his etish, me’moriy obidalar chiroyidan zavqlanish mumkin.
Xiva havosi kishini maftun qiladi, o‘ziga rom etadi... O‘zbekiston tarixi meni doim qiziqtirib kelgan. Xiva xonligi haqida ko‘p o‘qiganman, lekin Xivaning o‘zida bo‘libgina mamlakatimiz o‘z tarixi bilan naqadar boy va buyuk ekanini to‘liq angladim!”