Biri ketsa, ortimda 7 mlndan ortiq do‘stim bor – Japarov Tashiyev bilan nizo haqida
Olam
−
26 fevral 30257 3 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev bilan chiqqan nizoga doir ayrim fuqarolarning xavotiriga munosabat bildirdi. Bu haqda u “Kabar” milliy axborot agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Japarov mamlakatda ko‘pchilikning xavotiriga sabab bo‘lgan “Tashiyev ketdi, endi nima bo‘ladi?” degan savolga javob bergan.
“Hech narsa bo‘lmaydi. Bu masalani fojia darajasiga ko‘tarishning hojati yo‘q. Oldingisidan ham yaxshiroq bo‘ladi. Hayot to‘xtamaydi. Agar bir do‘st ketib qolsa, mening ortimda 7 milliondan ortiq do‘stim bor. Mening uchun eng qadrli narsa – xalqimiz va aziz davlatimiz”, deydi Prezident.
Shuningdek, Qirg‘iziston rahbari xalq tinchligini buzgan har kim jiddiy jazoga tortilishini alohida aytib o‘tgan. Qolaversa, u iqtisodiyotning o‘sish sur’ati faqat ortishini, ichki va tashqi siyosat esa avvalgi yo‘nalishda davom etishini urg‘ulagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning “Nomad” telekanali tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 81 foizi Prezident Sadir Japarovning faoliyatini ijobiy baholagandi. 14 foiz ishtirokchi esa uning ishiga salbiy munosabat bildirgan.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.