Bir yil blokda turgan uchta ijtimoiy tarmoqning bandi yechildi
Jamiyat
−
01 avgust 2022
13682Bugun, 1 avgust kunidan boshlab O‘zbekistonda Twitter, WeChat va Vkontakte ijtimoiy tarmoqlaridan to‘siqlarsiz foydalanish imkoniyati to‘liq tiklanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, TikTok platformasi bilan muzokaralar davom etmoqda, natijalari yuzasidan qo‘shimcha xabar beriladi.
"Blokirovkalar rivojlanishga faqat zarar keltiradi", deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hududida Twitter, TikTok va “VKontakte” cheklangan. O‘zbekiston yuqoridagi kompaniyalarga serverlarini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha talabnomalar yuborgan. Shundan so‘ng, 2021 yilning 2 iyulida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 27-1-moddasi talablariga zid ravishda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotgani uchun ayrim ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklov o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ “O‘zbekistonda barcha ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi kerak” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilgandi.
Unda O‘zbekistonda Telegram, Instagram, WhatsApp, Facebook, istalgan vaqt bloklanishi mumkinligi, Tiktok va Twitter esa allaqachon taqiqlanganlar ro‘yxatida turgani haqida so‘z boradi.
Aytish joizki, ushbu tarmoqlardan ko‘pchiligimiz, hatto, rasmiylar, amaldorlar, taqiqlashga ovoz berganlarning o‘zlari ham VPN orqali foydalanadi.