Bir vaqtda ikkita OTMda o‘qish imkoni yuzasidan senator so‘rovi yuborildi
Jamiyat
−
06 may 5511 2 daqiqa
Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga bir vaqtda ikkita OTMda o‘qish imkoniyati yuzasidan senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, fuqarolarning bir vaqtning o‘zida ikki oliy ta’lim muassasasida, masalan, davlat va nodavlat OTMda kunduzgi va masofaviy yoki kechki va sirtqi shakllarda tahsil olish imkoniyatlari cheklangani borasida murojaatlar ko‘paymoqda. Ushbu masalalarga aniqlik kiritish va qonunchilikdagi mavjud to‘siqlarga izoh berish maqsadida senator so‘rovi yuborildi.
So‘rovda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq fuqarolarga ta’lim olish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida esa yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash, ularning intellektual rivojlanishiga sharoit yaratish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Biroq amaldagi tartibga ko‘ra, jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan abituriyent faqat bitta OTMga asl hujjatini topshirishi mumkin. Shuningdek, HEMIS axborot tizimida bir marta ro‘yxatdan o‘tgan talaba boshqa OTMda qayta ro‘yxatdan o‘ta olmaydi. Bu holat esa yoshlarning o‘z ixtiyori va ehtiyojiga ko‘ra bir vaqtning o‘zida bir nechta ta’lim yo‘nalishida bilim olishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Senator so‘rovida shu kabi cheklovlar xorijiy davlatlarda, xususan, AQSH, Yevropa mamlakatlari, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda mavjud emasligi, aksincha, talabalar bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy ta’lim muassasasida tahsil olib, ikki va undan ortiq diplomga ega bo‘lish imkoniyatiga ega ekani ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan senator Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziridan fuqarolarga bir vaqtning o‘zida davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarining ikkitasida tahsil olish imkoniyati yuzasidan rasmiy tushuntirish berishni so‘ragan.
So‘nggi yillarda yurtimizda oliy ta’lim tizimini zamonaviy va innovatsion asoslarda rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, xususiy sektorni keng jalb qilish orqali ta’lim sifati va qamrovini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari soni 2017 yilda 77 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 203 taga yetdi. Talabalarni qamrab olish darajasi esa 9 foizdan 42 foizga oshdi. Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan 69 ta nodavlat oliy ta’lim muassasasida 170 mingdan ortiq yoshlar ta’lim olmoqda.
Live
Barchasi