Bir sutka ichida yana bir voyaga yetmagan bola YTH qurboni bo‘ldi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida 19 yoshli haydovchi 13 yoshli voyaga yetmagan bolani urib ketgan. Oqibatda 2007 yilda tug‘ilgan bola shifoxonada vafot etgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 30 may kuni soat 19:50 larda, Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani, Nurafshon Mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi 4K-319 "Tanxoz-Yakkabog‘-Esat-Qozok" avtomobil yo‘lining 6 km.da haydovchi, 2001 yilda tug‘ilgan B.R. (erkak) "Kombi-Moskvich-IJ" rusumli transport vositasini Yakkabog‘ shahri yo‘nalishi tomon boshqarib borayotib, yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga yugurib o‘tayotgan piyoda, 2007 yilda tug‘ilgan G‘.T.ni urib yuborgan. So‘ngra yo‘lning chap tomonidagi kanalga ag‘darilib, YTH sodir etgan.

Natijada, piyoda 13 yoshli G‘.T. (o‘g‘il bola) og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Yakkabog‘ tuman IIB TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bu bir sutka ichida O‘zbekiston hududida voyaga yetmaganning o‘limi bilan yakun topgan ikkinchi YTH hisoblanadi. Avvalroq, Jizzaxda 6 yoshli bola YTH qurboni bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

YTH

Baholaganlar

151

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing