Bir oyda yettinchisi: KXDR Yapon dengiziga yana raketa uchirdi
Olam
−
31 yanvar 2022
5002Shimoliy Koreya kecha, 30 yanvar kuni o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketani sinovdan o‘tkazganini tasdiqladi. Bu haqda Amerikaning “NK News” internet portali xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, gap “Xvason-12” raketasi haqida ketmoqda. Ma’lum qilinishicha, uchirish raketa qurol tizimining to‘g‘ri ishlashini tekshirish maqsadida amalga oshirilgan.
Nashrning yozishicha, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In sinovda ishtirok etmagan.
Janubiy Koreya shtab boshliqlari qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR 30 yanvar kuni soat 07:52 da (Toshkent vaqti bilan 03:52) Chagando viloyati Mupxyon-ri qishlog‘i hududidan Yapon dengizi yo‘nalishida o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketa uchirgan. Raketa taxminan 800 kilometr uchib, maksimal balandligi 2 ming kilometrga yetgan.
Qayd etilishicha, Pxenyan qit’alararo ballistik raketalarni uchirish va yadro sinovlarini o‘tkazishda ixtiyoriy moratoriyga rioya qilgan holda 2017 yil oxiridan beri bunday uchirishlarni amalga oshirmagan.
Ushbu ishga tushirish yil boshidan beri yettinchisi bo‘ldi.
Bundan oldin, KXDR 28 yanvar kuni Koreya yarimorolining sharqiy qirg‘oqlarida so‘nggi bir oy ichidagi 6-raketani sinovdan o‘tkazgandi.
26 yanvar kuni Shimoliy Koreya dengizga “kruiz raketalar”ni uchirgan. 18 yanvar kuni “taktik yo‘naltirilgan raketalar”ni ham sinovdan o‘tkazgan. Joriy yilning 5-11 yanvar kunlari KXDR gipertovushli raketani sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa, 14 yanvar kuni poyezd vagoniga o‘rnatilgan qisqa masofali ballistik raketalarni uchirgani taxmin qilinmoqda.
LiveBarchasi